11:42 / 06.09.2019
0
2481
Mudofaa vazirligi delegatsiyasi xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha «Seul muloqoti - 2019» xalqaro forumida ishtirok etdi
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov boshchiligidagi Mudofaa vazirligi delegatsiyasi xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha Janubiy Koreyada o‘tkazilgan “Seul muloqoti— 2019” forumida ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, tadbirlar davomida general-mayor Azizbek Ikromov Janubiy Koreya Milliy mudofaa vaziri o‘rinbosari Pak Chjye Min bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar mintaqadagi xavfsizlik, shuningdek, kelgusidagi harbiy sohada hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya mamlakatlari o‘rtasidagi harbiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish hamda xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” II forumida ham ishtirok etdi.

5 sentabr kuni esa O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifning asosiy maqsadi bo‘lgan — “Seul muloqoti—2019” anjumanida ishtirok etdi. Mazkur anjuman Koreya Respublikasi Milliy mudofaa vazirining raisligi ostida o‘tdi.

Shu kunning o‘zida Milliy mudofaa universiteti rahbariyati bilan ham uchrashuv tashkil etdi. Tomonlar harbiy ta'lim borasidagi hamkorlikka oid masalalarni muhokama qildi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi hamda Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tashrif yakunida Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Koreya harbiy akademiyasida bo‘lib, ikki mamlakat harbiy ta'lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni olib borishga oid hujjatni imzoladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top