16:30 / 06.09.2019
0
2928
«Xalqaro to‘qimachilik kunlari - 2019» tashkillashtirilishi O‘zbekistonga nima uchun kerak?

10-14 sentabr kunlari Toshkentda «Xalqaro to‘qimachilik kunlari - 2019» («Global textile days Tashkent - 2019») doirasida bir qancha tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zto‘qimachisanoat» uyushmasi xodimlari va loyiha mas'ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, 9-11 sentabr kunlari AQSh, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Pokiston kabi davlatlardan tashrif buyuradigan paxtachilik sanoati ekspertlari ishtirokida «Paxtani ilmiy tadqiq etish va ishlab chiqishning Osiyo tarmog‘i 8-kengashi» bo‘lib o‘tadi. Unda ekspertlar paxtachilik sanoati bo‘yicha eng so‘nggi izlanishlarini namoyish qilishi kutilmoqda.

«Uch kun davom etadigan ushbu ilmiy kengashda biz o‘zimiz uchun yangi rivojlanish yo‘llarini o‘rganishimiz mumkin. Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari, Paxtachilik instituti hamda klasterlarimizdan vakillar ham ishtirok etishi kutilmoqda», - deya ma'lumot berdi «O‘zto‘qimachisanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov.

Keyingi yirik tadbir – Xalqaro to‘qimachilik anjumani 10 sentabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Anjumanda tekstil sanoatining dolzarb masalalarini muhokama qilish, turli mamlakatlar mutaxassislari hamkorligini kengaytirish yo‘llarini o‘rganish va innovatsion loyihalar bilan tanishish rejalashtirilmoqda.

Unda Germaniya, Shveytsariya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Yaponiya, Bangladesh, AQSh, Fransiya, Rossiya, Misr va qo‘shni davlatlardan ham vakillar ishtirok etadi.

«19 yil oldin - 2000 yilda biz birinchi Xalqaro paxtachilik konferensiyasini o‘tkazgan edik. Shuncha yildan so‘ng biz faqat paxtachilikdan Xalqaro to‘qimachilik konferensiyasini o‘tkaza olish darajasiga yetdik.

Garchi bu muddat birmuncha uzoq bo‘lsa-da, bugun O‘zbekiston nafaqat paxtachilik sanoati bilan, balki tekstil sohasi bo‘yicha ham tanilmoqda», deya ushbu anjumanning o‘tkazilishi bosqichlari haqida ma'lumot berdi «O‘zto‘qimachisanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov.

Shuningdek, haftalik davomida 11-13 sentabr kunlari Toshkent to‘qimachilik mashinasozligi ko‘rgazmasi (Tashkent Textile Machinery Exhibition - TTME) ham tashkillashtirilishi kutilmoqda.

TTME ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi «O‘zekspomarkaz»ning 3-4-pavilonlarini egallaydi. Unda Xitoy, Janubiy Koreya, Polsha, Portugaliya, Turkiya, Yaponiya va boshqa bir qancha davlatlarning to‘qimachilik va tikuv uskunalarining taniqli brendlarini ishlab chiqaruvchi 100dan ortiq vakillar qatnashadi.

Unda yigirilgan ipdan to tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun ishlab chiqarish zanjiri uchun zarur to‘qimachilik mashinasozligi va texnologiyalarining yangiliklari ishlash jarayonida namoyish etiladi.

Bundan tashqari, 12 sentyabrda modalar va mahalliy hamda xorijiy dizaynerlarning sanoat to‘plamlari namoyishi (Ready-to-Wear Fashion Show) ham o‘tkaziladi.

Ushbu taqdimotda eng so‘nggi modadagi kiyim-kechaklar turli xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan namoyish qilinadi.

«O‘zto‘qimachisanoat» raisi Ilhom Haydarovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati kuchaygan bo‘lishiga qaramay mahsulotlarni sotish - alohida masala.

«Ushbu anjuman va ko‘rgazmalar davomida biz o‘z mahsulotlarimizni namoyish qilish orqali nafaqat qo‘shni davlatlardan, balki Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Rossiya kabi davlatlardan hamkorlar topishni rejalashtiryapmiz.

O‘rtacha hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu ko‘rgazmalar davomida bir necha yuz million dollarlik shartnomalar imzolanadi. Dunyoda kundan kunga raqobat kuchayib borayotgan bir paytda oldimizda turgan birinchi masala hamkor topish bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda», - deya Ilhom Haydarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Ma'lumot uchun, ko‘rgazmalar va konferensiyalar «O‘zto‘qimachisanoat», Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi bo‘yicha agentlik hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top