16:49 / 07.09.2019
0
9682

Samarqand viloyatida import salmog‘i eksportdan yuqoriligicha qolmoqda - Senat raisi ishtirokida sessiya bo‘lib o‘tdi

Bugun Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari 65-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda Senat a'zolari, mahalliy Kengash deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub'yektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

T.Norboyeva o‘z nutqida majburiy mehnat masalalarini tilga oldi. Jumladan, majburiy mehnatni bartaraf etish borasida respublikamizda juda katta yutuqlarga erishilgan, bu Xalqaro mehnat tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar e'tirofiga sazovor bo‘layotganini gapirib berdi.

Shuningdek, Samarqandda turizm sohasi salohiyatlaridan unumli foydalanish haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Senat raisi qabul qilinayotgan qonunlarning xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlarida o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, qonunlarning bexato ishlashi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rish haqida ham o‘z fikrlarini bayon qildi.

Kun tartibida belgilanganidek, parlament ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ushbu masalada dastlab Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevning hisoboti tinglandi. Samarqand viloyati respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida alohida o‘rin tutadi. Viloyat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini aholi jon boshiga hisoblaganda Respublika miqyosida yetakchiligi bilan alohida ajralib turadi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari bo‘yicha Respublikada 1-o‘rinda bo‘lsa, ko‘rsatilgan xizmatlar hamda chakana savdo aylanmasi hajmlari bo‘yicha 3-o‘rinni, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmida 5-o‘rinni egallaydi.

Jumladan, viloyatda 2019–2020 yillarda yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub'yektlari sonini kamida 2 barobarga, Kattaqo‘rg‘on tumanida 3 barobargacha oshirish belgilangan.

Shundan, joriy yil yakuniga qadar 10.100 ta yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan davrda reja 102 foizga uddalangan yoki 5.955 ta yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etilgan. Ularning 1.444 tasi oilaviy korxona, 874 tasi xususiy korxona, 3.355 tasi MChJ va 282 tasi boshqa turdagi korxonalar hisoblanadi.

Hozirgi kunda ish bilan band bo‘lgan aholining asosiy qismi, ya'ni 85 ming 240 nafari aynan kichik biznes sub'yektlarida mehnat qilib kelmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida kichik biznes sub'yektlari tomonidan 9 ming 851 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Joriy yilning 1 avgust holatiga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan 4 trln 103 mlrd so‘m, jumladan kichik biznes sub'yektlariga 2 trln 903 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilgan.

2019 yilning I yarim yilligi uchun budjet daromadlari belgilangan 1 trln 269 mlrd so‘mlik prognoz ko‘rsatkichi 115 foizga yoki qo‘shimcha 190,2 mlrd so‘m mablag‘ tushirildi. Shu jumladan, mahalliy budjet tushumi 1 trln 204 mlrd so‘mni tashkil etib, belgilangan rejaga nisbatan 159,8 mlrd so‘mga orttirib bajarildi.

Viloyatda 2019–2020 yillarga mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi doirasida jami 14,4 trln so‘mlik 982 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, hozirda 812 ta loyiha bo‘yicha tijorat banklari va loyiha tashabbuskorlarining 4,7 trln so‘mlik mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Bugungi kunda 487 ta loyiha ishga tushib, 8 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan.

Bundan tashqari, maxsus shakllantirilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatning sanoat salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha Dastur ishlab chiqildi.

Xususan, 2019–2021 yillarda viloyatda sanoat yo‘nalishida 10 trln 754 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 207 ta loyiha amalga oshirilishi reja qilingan. Jumladan, 1 trln 349 mlrd so‘mlik 21 ta loyihalar Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududida, 277,2 mlrd so‘mlik 21 ta loyiha viloyatdagi kichik sanoat zonalari hududida joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Shundan, 146,5 mlrd so‘mlik 7 ta loyihalarda import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Joriy yilda viloyatda 113 ta loyihalar bo‘yicha 129 mln. AQSh dollariga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritilib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning yakuniga nisbatan bugungacha 2,2 baravarga oshgan.

Jumladan, Xitoydan Xalq Respublikasidan 47,2 mln. dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, umumiy kiritilgan investitsiyadagi ulushi 36,6 foizni tashkil etadi yoki o‘tgan yili kiritilgan investitsiyaga nisbatan 3,2 martaga ko‘p.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida ham bir qator amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, qarorda ko‘zda tutilgan dasturlar doirasida bugungi kunga qadar jismoniy va yuridik shaxslarga jami 411,2 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli bank kreditlari ajratildi.

Xususan, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida 344,7 mlrd so‘m, fermer, dehqon va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 4,7 mlrd so‘m, hunarmandchilikni rivojlantirishga 22,1 mlrd so‘m, bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 5,4 mlrd so‘m va «Yoshlar — kelajagimiz» dasturi doirasida 23,7 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.

Qayd etish kerakki, viloyat hokimi va boshqa mutasaddilar tomonidan tadbirkorlar bilan amaliy muloqot tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirkorlarning muammolari va faoliyatidagi to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida viloyat hokimi rahbarligida muntazam ravishda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari va sayyor qabullar o‘tkazilib kelinmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning 1 sentabr holatiga Bosh vazirning viloyatdagi qabulxonasiga tadbirkorlardan jami 951 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 663 tasi yoki 70 foizi hal etilgan, qolgan 288 tasi bugun kunda ijroda.

Viloyatning eksport salohiyatini oshirish ko‘p jihatdan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatiga ham bog‘liq.

Bugungi kunda, 10,4 gektarda investitsiya miqdori 7,4 mln. AQSh dollariga teng 32 ta loyiha ishga tushirildi va 742 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Biroq, shunga qaramasdan viloyatda import salmog‘i eksportdan ko‘ra yuqoriligicha qolmoqda. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida viloyatning import hajmi 632,8 mln. AQSh dollarni, o‘sish sur'ati o‘tgan yil mos davriga nisbatan 123,4 foizni tashkil etgan.

Viloyatda joriy yilning 6 oyida 81 ta xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tashkil etilib, ularning soni 479 taga yetgan, shundan 140 tasi xorijiy korxonalar.O‘tgan yilga nisbatan korxonalar soni 133 ta ga oshgan.

Sessiyada tadbirkorlik yo‘nalishiga mas'ul vazirlik va tuzilmalarning hududlardagi boshqarma va bo‘limlari hudud manfaatlarini respublika darajasida ilgari surishga yetarlicha e'tibor qaratmayotganligi alohida ta'kidlandi. Ular aksariyat hollarda kunlik masalalar, jumladan, hisobot va jadvallar to‘ldirish bilan ovora bo‘lib, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy taklif va tashabbuslar ko‘rsatmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, bu borada mahalliy Kengashlar deputatlari ham faol bo‘lishi, o‘z faoliyatida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratishi, ularning muammolari asosida tegishli tuzilmalarga qat'iy deputatlik so‘rovlari bilan chiqishi, kichik biznes rivojiga to‘siq bo‘layotgan har qanday muammo va aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga nisbatan birinchilardan bo‘lib munosabat bildirishlari zarurligi ta'kidlandi.

Sessiyada ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qarori qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top