14:33 / 07.09.2019
0
7356
Ta'lim sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlari kengayishi kutilyapti
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2019 yil 6 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masala - “Ta'lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yangi tahrirdagi loyihasining birinchi o‘qishdagi muhokamasi qizg‘in kechdi.

Loyiha tashabbuskorlari qonun loyihasiga bir qator yangi normalar, tushunchalar va moddalar kiritishgan. Xususan, katta yoshdagilar ta'limi, maxsus ta'lim, inklyuziv ta'lim, yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish, davlat-xususiy sheriklik, ta'lim sohasiga investitsiyalarni kiritish, sohada davlat nazorati, ta'lim muassasalarining o‘zini o‘zi baholashi, ta'lim ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklari, ta'limda eksperimental, innovatsion faoliyat bilan bog‘liq yo‘nalishlar degan mutlaqo yangi norma va tushunchalar shular jumlasidandir. 

Yangi tahrirdagi qonun loyihasida sinovdan o‘tgan mukammal normalar saqlab qolingan holda, ta'lim sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlari va ta'lim muassasalarining faoliyati erkinligini kengaytirishni nazarda tutuvchi yangi normalar va boshqa tushunchalar o‘z aksini topmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi ta'lim tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga, soha ishini tubdan takomillashtirish va ta'limni xalqaro hamjamiyat bilan uyg‘unlashgan holda olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, fuqarolarning xorijda ta'lim olishi, chet elda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning tan olinishi, shuningdek, ilk bor mamlakatda butun umr ta'lim konsepsiyasining kiritilishi kabi masalalarning qonun loyihasi normalarida ilgari surilishi ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘taradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top