20:21 / 08.09.2019
0
3785

Formula-1: Lekler qatorasiga ikkinchi marta g‘alaba qozondi

«Ferrari» jamoasi poygachisi Sharl Lekler «Formula-1» avtopoygasining Italiya bosqichida ham g‘alaba qozondi.

21 yoshli poygachi mavsumdagi va o‘z faoliyatidagi qatorasiga ikkinchi poygani yutdi: bir hafta oldin u Belgiya gran-prisida zafar quchgandi.

2- va 3-o‘rinlarni «Mersedes» a'zolari Valtteri Bottas va Lyuis Xemilton egalladi.

Italyan jamoasi uchun ushbu g‘alaba uy poygasida 2010 yildan beri birinchi g‘alaba bo‘ldi: o‘shanda Monsadagi poyga trassasida ispaniyalik Fernando Alonso g‘alaba qozongandi.

Umumiy hisobda Xemilton 284 ochko bilan yetakchilikni o‘zida saqlab qolmoqda. 2-o‘rinni Valtteri Bottas (221), 3-o‘rinni Maks Ferstappen (185) egallamoqda. Poyga qahramoni Lekler esa 182 ochko bilan 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Poyganing keyingi bosqichi Singapurda 19-22 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top