21:15 / 09.09.2019
4
19897

Kun.uz bilan Amerikaning mashhur yangiliklar muzeyi – Newseum’ga sayohat!

So‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan OAV tarixi qanday shakllanganiga qiziqasizmi? O‘nlab kameralar qarshisida o‘zingizni boshlovchi sifatida sinab ko‘rishni istaysizmi? Dunyodagi eng ajoyib va interaktiv jurnalistika muzeyiga sayohat qilishni-chi? Unday bo‘lsa Vashingtonga yo‘lingiz tushsa, yiliga millionlab sayyohlarni qabul qiluvchi Newseum muzeyiga tashrif buyurishingizni maslahat beramiz. Bugun esa Kun.uz muxbiri Feruza Avazova ushbu muzeydan tayyorlangan maxsus fotoreportaj bilan o‘rtoqlashadi.

Yetti qavatdan iborat ushbu muzey AQSh poytaxtidagi Pesilvaniya-avenyuda joylashgan. U dastavval 1997 yilda Arlingtonda ochilgan edi. Biroq 2002 yilda muzey o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Keyinchalik yangi binoning qurilish ishlari boshlanib, 2008 yilda rasman ishga tushadi.

Muzey tashqi qiyofasi bilan darhol e'tiborimizni tortdi. Binoning old qismida 45 so‘zdan iborat Amerika fuqarolarining huquqlari va so‘z erkinligini ta'minlaydigan konstitutsiyadan misralar keltirilgan.

Manba: www.newseum.org

Bu yerda 16 asrdan boshlab shu kunga qadar jurnalistika deb atalmish qiziqarli sohaning rivojlanish tarixi bilan tanishish mumkin.

Qizig‘i shundaki, muzey davlat tomonidan emas, balki saxovatli shaxslar, korporatsiyalar, tashkilotlar tomonidan xayriya loyihasi sifatida tashkil etilgan. 

Yuqori texnologiyali, interaktiv muzeyda 15 teatr, 14 ulkan galereya, 2 zamonaviy efirga uzatish studiyalari, 4-D shaklidagi suratlar mavjud bo‘lib, yillar davomida OAV qanday qilib asl haqiqatni ommadan yashirgani, dunyoning boshqa burchagidan sodir bo‘lgan hodisa boshqa manzilda qay tariqa yoritilganini ko‘rib hayratda qolasiz.

2001 yil 11 sentabr kuni AQShda sodir bo‘lgan fojia dunyo gazetalarining bosh sahifalarida

Agarda siz o‘zingizni bir lahzaga bo‘lsa ham reportyor yoki fotokorrespondent sifatida sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, Newseum muzeyida ajoyib imkoniyat mavjud. Amaliy mashg‘ulotlar sayyohlarga jurnalistikaning chinakam olamiga sayr qilish, turli interaktiv o‘yinlar orqali ayrim intervyularga qarshi mohirona javob berish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.  

Muzeydagi teatrlar dunyoga mashhur dasturlar, hujjatli filmlar, xalqaro miqyosdagi yig‘ilishlardan yozib olingan chinakam jurnalistik materiallar bilan tanishish imkonini beradi.  

Newseum TV Studio va Pennsylvania Avenue Studio ko‘p hollarda yirik jamoat uchrashuvlari, teledasturlar o‘tkazish uchun asosiy maydon sifatida xizmat qiladi. Shu sababli ayrim hollarda sayyohlar tasodifan katta auditoriyaning bir qismiga aylanishlari mumkin. Shuningdek, bu yerda AQShning taniqli sobiq radiojurnalistlari, boshlovchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tur uyushtirish imkoni bor.

Jurnalistika muzeyi meni shu qadar o‘ziga tortdiki, bu yerda insoniyat tarixida ro‘y bergan eng so‘nggi yangiliklar ko‘z oldingizda gavdalanaveradi. Kennedining sirli o‘limi, “Sharli Ebdo” payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) haqida bosib chiqarilgan karikaturalar, Oyga qadam bosgan birinchi inson surati, avvaliga xo‘rlanib, keyinchalik dunyo tomonidan tan olingan nufuzli shaxslar qissasi, yulduzlarning bizga ma'lum bo‘lmagan sirlari – barchasi juda ham ta'sirli.

Eng asosiysi, bu yerda jurnalistika sohasidagi eng nufuzli mukofot – Pulitser sohiblarining suratlari ko‘rgazmasi mavjud. Ochig‘ini aytsam, mazkur ekspozitsiya muzeydagi eng ajoyib, yodda qoluvchi sayohatimga aylandi.

Suratlar shu qadar jonli, ta'sirli va insonga asl haqiqatni so‘zlaydiki, ularga hech qanday effektlar, bo‘yoqlarning zaruriyati yo‘q. Fikrlarimga ishonch hosil qilishingiz uchun Pulitser mukofotini olgan ayrim suratlarni havola etaman.

Muzeyga tashrif buyuruvchilar eng pastki qavatda ovqatlanish uchun katta fudkort mavjud. U yerda turli xildagi taomlar, ichimliklar va yeguliklardan tanovul qilish mumkin. Biron bir kitob, sovg‘a yoki suvenir xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, maxsus do‘konchalar ham bor.

Muzeyni bir yarim soat davomida aylanish natijasida quyidagi xulosalarim bilan bo‘lishaman:

• Muzey jurnalistika, reportyorlik, umuman butundunyo yangiliklar olami tarixiga sayohat qilishni istaganlar uchun ajoyib maskan.

• Sayohatni birinchi qavatdan emas, aksincha, eng yuqori qavatdan pastga qarab boshlash kerak.

• Nyuseumga tashrif buyursangiz, albatta, ochiq terassaga chiqib, Kapitoliy fonida suratga tushing. Bu yerda poytaxt markazining ajoyib manzarasini tomosha qilish mumkin.

• Agarda barcha ekspozitsiyalarni obdon tomosha qilaman desangiz, hech qachon tig‘iz vaqtda muzeyga kirmang. Sababi, binoning barcha burchagini to‘liq aylanish uchun kamida 4-5 soat vaqt ketadi.

• Albatta, Pulitser mukofoti sovrindorlari bo‘lgan fotosuratlar ko‘rgazmasiga kiring va atrofimizda sodir bo‘lgan ochiq haqiqatlarga guvoh bo‘ling. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top