19:12 / 09.09.2019
4
14894

Qirg‘izistondagi qishloqda isrofgar to‘ylar cheklab qo‘yildi

Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatidagi Qora-Tosh qishlog‘i jamoatchiligi juda katta sarf xarajatli to‘ylarni cheklash haqidagi qarorga kelishdi.

Turmush nashri xabariga ko‘ra, faol ayollarning bir guruhi bu haqda tashabbus bildirib, uni tatbiq qilishga muvaffaq bo‘lishgan.

Guruh a'zolaridan biri Gulsun Musayeva so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon to‘y tashkilotchilariga ovqat solingan savatlar va kiyim ko‘rinishidagi sovg‘alar berilmaydi, faqat pul bilan kifoyalanadi. Mehmonlar esa ketayotganida ovqatlarni paketlarga solib olib ketmaydi. Shuningdek, pullarni isrofgar to‘ylarga sarflashdan ko‘ra, xayr-ehson qilish targ‘ib etiladi.

Yangi qoidalarga amal qilish ustidan nazorat guruhi ham tuzilgan bo‘lib, unga har qavmdan bir ayol tanlab olingan. Ular to‘y boshlagan oilalarni kuzatib borishadi, qoida buzganlar bilan suhbat uyushtirishadi. Shuningdek kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni muhokama etish uchun yig‘ilish o‘tkazib turishadi.

Qayd qilish joizki, isrofgar to‘ylar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish Markaziy Osiyo mamlakatlariga xos bo‘lgan muammodir. Qarindoshlar va qo‘shnilarda chuqur taassurot qoldirishga intilgan odamlar to‘ylarga juda katta pul sarflab yuborishadi va oila budjetiga zarar yetkazishadi. Buning uchun ba'zan kredit ham olishadi va katta miqdorda qarzga botib qolishadi. 

Tojikistonda 2007 yildan boshlab to‘y va boshqa tadbirlardagi xarajatlar qonun bilan cheklangan. Qirg‘izistonda ham bunday qonun ko‘p marta muhokama qilingan, ammo yakuniy qaror qabul qilinmagan. O‘zbekistonda ham to‘ylardagi xarajatlarni chegaralashga urinish bo‘lgan edi. Ammo bu tashabbus aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top