21:49 / 09.09.2019
0
19013
Turkmaniston O‘zbekistonga kompyuterlarni yetkazib berishni rejalashtirmoqda
Foto: turkmenistan.gov.tm

2019 yil oxiriga qadar Turkmaniston Respublikasi o‘z brendi ostida kompyuterlarni ishlab chiqaradi va ularni Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga yetkazib berishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi «Turkmen Dovlat Xabarlari».

2018 yil oktabr oyida Xitoyning Hengsheng Lianhua Investment Management Co. Ltd. va Tongfang Hongkong Limited kompaniyalari bilan hamkorlikda kompyuter texnikasini ishlab chiqaruvchi «Og‘zibirlik Tilsimoti» korxonasi tashkil qilingan edi. Bu yili ushbu korxona tomonidan bolalar uchun mo‘ljallangan 80 mingta kompyuter ishlab chiqarildi va prezident Gurbanguli Berdimuhamedov nomidan birinchi sinf o‘quvchilariga sovg‘a qilindi.

Xabarga ko‘ra, bugungi kunda korxonada noutbuk, planshet, monoblok, shaxsiy kompyuter va hatto serverlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda va ularning sonini yiliga 500 mingtaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu esa yuqori texnologiya tovarlari importini kamaytirib, o‘z mahsulotini eksport qilish va bu boradagi prezident topshirig‘ini bajarish imkoniyatini beradi.

Ta'kidlanishicha, «Og‘zibirlik Tilsimoti» korxonasi Markaziy Osiyoda kompyuter texnikasini ishlab chiqaruvchi yagona zavoddir. Bu esa turkman brendi ostidagi mahsulotlarni qo‘shni mamlakatlarga ham yetkazib berish imkoniyatini oshiradi.

Hozirgi kunda korxona «Maykrosoft» va «Intel» kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda. O‘z navbatida ular Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Afg‘onistondagi dilerlarga turkman kompyuterlarini xarid etishni tavsiya qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top