08:22 / 10.09.2019
2
35697
IIBB Chilonzorda fuqaro va ichki ishlar xodimi o‘rtasida sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha izoh berdi
Foto: KUN.UZ

Internet tarmog‘ida «Flavio Briattore» taxallusli foydalanuvchi undan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilgan va hujjat bo‘lmaganligi sababli uni ichki ishlar organlari tayanch punktiga yo‘l olishni talab qilgan profilaktika inspektorining harakatlaridan norozilik bildirgan holda e'lon qoldirdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.

Profilaktika katta inspektori, mayor Qoriyev K. bo‘lib o‘tgan voqeani quyidagicha izohlagan. 

Chilonzor tumani G35 massivida joylashgan “Al Xorazmiy” mahallasining hududini aylanib chiqish davomida, 10-sonli uyning kirish joyi yonida turgan, kirish eshigi ocha olmay, turli kodlarni sinayotgan erkak kishi ushbu harakatlari bilan ichki ishlar organlari xodimida shubha uyg‘otgan. Kimning yoniga kelgani haqidagi savolga fuqaro: “xolamnikiga”, “enaganing yoniga” kabi mujmal javob bergan. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish haqidagi iltimosga ham aniq javob bermasdan, xodimga: “o‘zingiz kimsiz?”, “hujjatlarni nimaga asoslanib talab qilyapsiz?”, “nimaga men o‘zim bilan pasport olib yurishi kerak?” degan qarama-qarshi savollar bera boshlagan.

Shu yo‘l bilan xodimni emotsional muomalaga majbur qilgan 32 yoshli Ruslan Sh. suhbat davomini o‘zining mobil telefoniga tushira boshlagan.

Shunga qaramasdan, Toshkent shahar IIBB xodim o‘zini namunali tutmaganini va ortiqcha ehtirosga berilganini tan olgan. Hozirga vaqtda xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Ichki ishlar organlari xodimlari – siz kabi insondirlar va siz kabi turli his-tuyg‘ularni boshdan kechirishadi. Ammo ularning faoliyatlarining xususiyati shundaki, ular boshqa kasb egalaridan ko‘proq jinoyat jabrlanuvchilarining, gumonlanuvchilarning, ularning qarindoshlari va yaqinlarining, hamda guvohlarning negativ hissiyotlariga duch kelishadi. Aynan yuqoridagi holatga to‘xtalib o‘tsak. O‘zingizni xodimning o‘rniga qo‘yib ko‘ring: siz ko‘rib qolgan notanish shaxs pod'yezd eshigini ochishga urinayotganidan uning bu yerda yashamasligi ko‘rinib turibdi. Siz qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz? Sizning asosli savollaringizga mensimagan holda savol bilan javob qaytarishsa, nima qilgan bo‘lardingiz?

Huquqiy davlatda fuqarolar va davlat organlari vakillari – munosabatlari hurmatga asoslangan teng sherik, o‘zaro bog‘liq element hisoblanadilar. Bizda esa, afsuski, tez-tez davlat organlari xodimlariga qarshi chiqishning guvohi bo‘lish mumkin. Toshkent shahar IIBB tanqidga tayyor, ammo tanqid xolis va konstruktiv bo‘lishi kerak. “Hammasi yomon bo‘lganligi uchun yomon”, “ilgari ham shunday bo‘lgan... bundan keyin ham shunday bo‘ladi” kabi hujumlarning hech kimga foydasi yo‘q. Bundan hatto muammosini huquqiy maydonda emas, internetga hal qilishga urinayotgan “tanqid” muallifi uchun ham foyda yo‘q.

Agarda ichki ishlar organlari xodimi sizga nisbatan noqonuniy harakat qilgan yoki umuman harakatsizlik qilgan bo‘lsa, bu haqda 99-797-45-63 raqami orqali O‘z xavfsizlik boshqarmasiga, 102 raqamiga yoki Toshkent shahar IIBB navbatchilik xizmatining 71232-40-50 va 71-232-30-40 qo‘shimcha raqamlari orqali xabar bering. Ijtimoiy tarmoqlarda tushunarsiz shaxsiy ehtiyojlarni qondirish uchun o‘zni “namoyish” qilish shart emas.

Shu o‘rinda soliqlarni eslab turishni xush ko‘radiganlar uchun aytib o‘tamiz: barcha boshqa fuqarolardan ushlab qolinganidek, ichki ishlar organlari xodimlaridan ham daromad solig‘i ushlab qolinadi”, - deyiladi poytaxt IIBB izohida. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top