19:59 / 10.09.2019
0
4080

O‘zbekistonda 46 ming nafar insultga chalingan bemorlar reabilitatsiyaga muhtojligi ma'lum qilindi

Bugun, 10 sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda «Rossiya eksport markazi» AJ hamkorligida «Reabilitologiya: erishilgan yutuqlar, muammolar, istiqbollar – 2019» mavzusida I milliy Respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, tadbirda bemorlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha Rossiyaning eng so‘nggi raqamli kompyuterlashtirilgan tizimidan foydalangan holda O‘zbekiston reabilitatsiya sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi.

Mazkur tizim Rossiya fanlar akademiyasi akademigi Konstantin Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh boshchiligida «MedInvestGrupp» kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan. O‘zbekistonda ushbu ishlanmani nevrologiya, kardiologiya, travmatologiya yo‘nalishlarida amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Anjumanda ma'lum qilinishicha, respublikada har yili 46 ming nafar insultga chalingan, 13 ming nafarga yaqin bosh miya jarohatini olgan bemorlar reabilitatsiyaga muhtoj sifatida qayd etiladi. Shunday holatda istiqomat qilayotgan nogironlar soni esa 700 ming nafardan iborat. Ayni paytda amaldagi reabilitatsiya markazlari yiliga atigi 20 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatadi. Shu bois, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 30 avgustda qabul qilingan «Aholiga nevrologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, ushbu sohada jahondagi eng yaxshi tajribani hisobga olgan holda reabilitatsiya tizimini kompleks tarzda isloh qilish rejalashtirilgan.

Konferensiya davomida rossiyalik olimlar raqamlashtirish bo‘yicha jahondagi eng dolzarb ishlanmalarga asoslangan tizimni taqdim etishdi. Muqobili bo‘lmagan mazkur kompleks tizim ko‘p sonli bemorlarni tez, samarali va eng kam xarajatlar bilan reabilitatsiya qilishni tashkillashtirish imkonini tug‘diradi. Shuningdek, bemorlar bilan ishlashda xodimlar taqchilligi muammosini bartaraf etishga ham yordam beradi. Tibbiy hujjatlarni tahlil qilish jarayoni ham avtomatlashgan. Bemorni tiklash jarayoni esa rossiyalik mutaxassislar tomonidan yaratilgan va Rossiyada ishlab chiqarilgan maxsus kompyuterlashgan trenajyorlar to‘plami yordamida amalga oshiriladi. «Rossiya eksport markazi» ushbu loyihani moliyalashtirishda ko‘mak berishga tayyor ekani aytib o‘tildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top