12:48 / 10.09.2019
1
30279
Sog‘liqni saqlash vazirligi Angrendagi YTHda jabrlanganlarning holati haqida ma'lumot berdi

Bugun, 10 sentabr kuni soat 04:00larda Toshkent viloyati Angren shahri hududidagi avtomobil yo‘li va temir yo‘l kesishmasida avtotransport vositalari hamda yuk tashish poyezdi to‘qnashishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi.

«Toshkent-Vodiy» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan «SAMS» rusumli yuk mashinasi yuk vagonlarni tortib ketayotgan poyezdning 8-vagoniga urilgan. Natijada vagonlarning 2tasi izidan chiqib ketib, qarama-qarshi yo‘nalishda turgan «Damas» rusumli avtomobilni bosib qolgan.

«Damas» avtomobilida bo‘lgan 5 nafar yo‘lovchidan 2 nafari N.A. va A.X. voqea joyida vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, «Damas»ning jarohat olgan 3 nafar yo‘lovchisi hamda «SAMS» rusumli avtotransport vositasi haydovchisi Angren shahar tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan hamda zudlik bilan tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilib, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

22 yoshli F.Yu. «Bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, yuz yumshoq to‘qima jarohati hamda ko‘krak qafasi yumshoq to‘qima jarohati», 24 yoshli A. N. «Bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, yuz yumshoq to‘qima jarohati, ko‘krak qafasi yumshoq to‘qima jarohati», 30 yoshli A.N. «Bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, chap ko‘z yumshoq to‘qima jarohati, o‘ng tizza yopiq jarohati. O‘ng oyoq uchinchi barmoqning chiqishi, ko‘krak qafasi yumshoq to‘qima jarohati», 51 yoshli X.M.esa «Bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, pastki jag‘ning yopiq sinishi, yuzning o‘ng sohasi va peshona sohasining lat yeyishi, yuqori lab lat yeyishi va yirtilishi» tashxislari bilan Angren shahartibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida davo muolajalari olyapti. 

«Ularning ahvoli Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan doimiy nazoratga olingan. Vazirlik tomonidan safarbar qilingan malakali mutaxassislar jarahatlanganlar hayoti uchun kurashmoqda. Sodir bo‘lgan YTH yuzasidan dastlabki tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilayotgani ma'lum qilingan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi xabarida.

Bundan avvalroq Angren shahri hududida, A-373 M-39 «Guliston—Bo‘ka—Angren—Qo‘qon—Andijon orqali—O‘sh» avtomobil yo‘li 173-kilometrida yuk poyezdi ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi yuz bergani haqida xabar berilgandi.

YTH oqibatida «Toshkent—Farg‘ona» yo‘li yopilgan. «Xabar.uz»ning yozishicha, YTH yuz bergach, voqea joyiga yetib kelgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari avtomobillarni Nurobod, Ilg‘or, Qo‘shsoy qishloqlaridan o‘tadigan aylanma yo‘lga yo‘naltirishni boshlagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top