20:01 / 11.09.2019
0
2965
Davlat bojxona qo‘mitasi 2019 yilda budjetga 16,5 trln so‘m tushirishni rejalashtirgan

Bugun, 11 sentabr kuni Axborot va ommaviy komunikatsiyalar agentligida Davlat bojxona qo‘mitasi mutasaddi vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari G‘ofurjon Shukurov bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda davlat budjetiga 11,5 trln so‘m, 2019 yilning 8 oyida 9,9 trln so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 16,5 trln so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda davlat dasturlari ijrosini ta'minlash maqsadida 2018 yilda 47,5 trln so‘m, joriy yilning 8 oyida 39,5 trln so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berilgan.

2018 yilda bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring va tahlil natijasida 207ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan 185,1 mlrd so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari bilan bog‘liq imtiyozlardan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlandi. Joriy yilning 8 oyida 60ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan 30,5 mlrd so‘mlik imtiyozlardan qonunga xilof ravishda foydalanish holati fosh etilib, qonuniy choralar ko‘rilgan.

2018 yilda 12 533ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, daliliy ashyo sifatida 144 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklar, 46,6 kg miqdoridagi giyovandlik vositalari, 37ta qurol, 1957 dona psixotrop tabletkalar, 8,6 ming dona taqiqlangan diniy mazmundagi materiallar, 98,5 ming dona pirotexnika mahsulotlari ushlab qolindi.

Joriy yilning 8 oyida 11 205ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, ular bo‘yicha 128,4 mlrd so‘mlik tovarlar, shu jumladan, 31,2 kg giyovandlik vositalari, 26956 dona psixotrop tabletkalar, 29 dona qurol-yarog‘, 46,4 kg porox, 192,5 ming dona pirotexnika mahsulotlari to‘xtatib qolingan.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 33ta xorijiy mamlakat bojxona xizmatlari bilan bojxona sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha 138ta xalqaro shartnomalari tuzilgan.

Tadbir davomida tizimda qayd etilgan korrupsiya holatlari bo‘yicha aniq raqamlar keltirilishi so‘raldi.

«Afsuski korrupsiya holatlari yo‘q deya olmaymiz, uchrab turibdi. Ammo bu illatga qarshi keskin kurash olib borilyapti va murosasiz muhit shakllantirilyapti. Shuni unutmasligimiz kerakki, korrupsiyaga inson omili sabab bo‘ladi. Ya'ni biz nafaqat oluvchi bilan, balki beruvchi bilan ham kurashishimiz kerak. Joriy etayotgan yangi tizimlarimizga ko‘ra, inson omili minimal darajaga tushiriladi, asosiy tizimlar avtomatlashtiriladi. Masalan, eksport qiluvchi tadbirkor tizimga ma'lumotlarni kiritganidan keyin 4-5 daqiqa ichida barcha hujjatlar elektron tarzda rasmiylashtiriladi», deya javob berdi bu savolga G‘ofurjon Shukurov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top