14:28 / 11.09.2019
2
13887

Kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplari belgilanmoqda

Kasaba uyushmalari mamlakatdagi eng ommaviy va a'zolari soni ko‘p bo‘lgan jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda 14 ta sohaviy kasaba uyushmalari 32,4 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarga ega bo‘lib, o‘z safida 5,1 milliondan ortiq ishchi va mehnatkashlarni birlashtirgan.

Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi huzuridagi kotibiyat katta referenti Behzod Sultonovning yozishicha, mehnat, mehnatni muhofaza qilish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi qonun hujjatlari hamda munosabatlarning takomillashuvi – kasaba uyushmalari bilan bog‘liq qonun hujjatlarini takomillashtirish zaruriyatini tug‘dirgan.

«Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan kasaba uyushmalarini tashkil etish va ularning faoliyati, fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasini ishlab chiqishda uchta asosiy manbaga, ya'ni milliy qonunchilik va amaliyotga, xorijiy davlatlar tajribasiga hamda sohaga doir xalqaro huquqiy hujjatlarga tayanilgan.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda kasaba uyushmalari faoliyatini tartibga solish sohasidagi qonunchilik o‘rganilib, sohada qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Misol tariqasida - amaldagi qonun kasaba uyushmalarining huquq va manfaatlarini yetarli darajada himoya qilmasligi, ular faoliyatining kafolatlari ta'minlamaganligi, kasaba uyushmasi tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlarining (shakllari, usullari, vositalarining) normativ-huquqiy hujjatlarda belgilanmaganligi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolar hisobga olinib, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi 10 ta bob, 69 ta moddadan iborat bo‘lib, ayrim yangiliklar bilan amaldagi qonundan farq qiladi. Xususan, yangi qonun loyihasida ilk marotaba «kasaba uyushmasi», «kasaba uyushmasining boshlang‘ich tashkiloti», «kasaba uyushmasining tuzilmasi», «kasaba uyushmalarining birlashmasi» va boshqa shu kabi asosiy tushunchalarga alohida moddada ta'rif berildi.

Shuningdek, «qonuniylik», «kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik», «ixtiyoriylik», «mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish», «tenglik» va «ochiqlik» kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida alohida moddalarda bayon etildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kasaba uyushmalarini tuzish, ro‘yxatga olish, hisobga qo‘yish, qayta tashkil etish va faoliyatlarini tugatish tartiblari qonun va qonun osti hujjatlarida bayon etilgan bo‘lib, qonun loyihasida mazkur tartiblar alohida bobda aks ettirildi. Bu bilan kelgusida kasaba uyushmalarini ro‘yxatga olishdagi mavjud byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi, ro‘yxatga olish jarayonidagi ortiqcha vaqt yo‘qotishlarga chek qo‘yiladi, ro‘yxatga olish bilan bog‘liq masalalar qonun osti hujjatlari bilan emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar bilan tartibga solinadi.

Ayni paytda mazkur qonun loyihasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasida ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Bu jarayonda asosiy e'tibor parlament a'zolari, manfaatdor vazirlik va tashkilotlar, olimlar va ekspertlar, soha mutaxassislari, ish beruvchilar hamda keng jamoatchilikning qonun loyihasi bo‘yicha fikr mulohazalari, taklif va tavsiyalarini o‘rganishga qaratilgan. 

Jamoatchilik muhokamalarida bildirilgan ko‘plab takliflar asosida qonun loyihasidagi normalar ko‘rib chiqilib, qayta tahrir etildi. Jumladan, mehnatni muhofaza qilish hamda mehnat nizolarini hal qilishda kasaba uyushmalari vakolatlarini yanada kuchaytirish bilan bog‘liq normalar yuzasidan muqobil takliflar fuqarolar tomonidan bildirilgan. Hozirda Qonunchilik palatasi deputatlari ishchi guruh a'zolari bilan birgalikda mazkur takliflar asosida qonun loyihasining 20 dan ortiq moddalariga tegishli tuzatishlar kiritish yuzasidan ish olib bormoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top