20:40 / 11.09.2019
33
33655

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi go‘sht narxi qimmatlashishi sabablari haqida gapirdi

Kun.uz tahririyati Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda uning faoliyati, bugungi kunda mazkur sohada olib borilayotgan ishlar, vujudga kelayotgan dolzarb masalalar va ularning yechimlariga oid bir qator savollarga javob olish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov bilan suhbat uyushtirdi.

Qo‘mita raisi suhbat davomida bugungi kunda go‘sht narxi oshib ketayotganiga ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

«O‘zbeksitonda 4 200 000 (to‘rt million ikki yuz ming) bosh qoramol bor. Ularning 95 foizi, tasavvur qiling, aholi va kichik fermer xo‘jaliklari tasarrufida. Sanoat ishlab chiqarishi esa deyarli mavjud emas. Aynan o‘sha 5 foizi sanoat ishlab chiqarishi hissasiga to‘g‘ri keladi. Aholining ehtiyojidan kelib chiqib go‘sht mahsuloti asosiy oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi. Bozorlarimizda doim go‘sht bo‘lishi kerak.

Bozorga kim go‘sht yetkazib beradi, kim tomonidan sotiladi? Albatta, yuqorida aytib o‘tganimdek, 95 foizi chorva qo‘lida bo‘lgan aholi va fermer xo‘jaliklari tomonidan. Sanoat ishlab chiqaruvchilar esa asosan go‘shtni o‘z ehtiyoji uchun ishlatadi. Masalan, bular asosan kolbasa ishlab chiqarishga yoki go‘shtni qayta ishlashga yo‘naltiradigan korxonalar hisoblanishadi.

Biz hududiy boshqarmalarimizga go‘shtning bozorgacha yetib borish zanjirini o‘rganish maqsadida tegishli topshiriq berdik. Bu zanjirni o‘rganish jarayonida xonadonlarga ham fermer xo‘jaliklariga ham va sanoat ishlab chiqaruvchilarga ham kirdik. Go‘sht yetkazib beruvchilarni ham o‘rgandik. Masalan, bir xonadonning 10-20 bosh qoramol bor, o‘z tomorqasi bor, tomorqasida beda, makkajo‘xori ekadi. Biz aynan go‘sht narxi oshgan vaqtda bordik. Nima uchun narx oshgani, nega qimmatga sotishayotgani haqida so‘radik.  «Bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ldi. Buning natijasida makkajo‘xori yetishtirish yaxshi bo‘ldi. Aslida mol ma'lum bir og‘irlikka yetganda sotib yuboramiz. Lekin biz bir-ikki oy ushlab shu ozuqani bersak, bizga qoramol 200-300 kg qo‘shimcha hajm beradi. Shuning uchun hozir biz ozuqa bilan yaxshilab boqib olsak, qimmatroqqa sotiladi. Hozircha sotmay turibmiz», deb javob berishdi», deydi qo‘mita raisi.

Najmiddinxo‘ja Sharipovning ta'kidlashicha, go‘sht qimmatlashishiga sabab – bizda sanoat ishlab chiqarish yo‘q.

«Agar biz sanoat ishlab chiqarishni to‘liq yo‘lga qo‘ysak, bozorni to‘yintirib go‘sht mahsulotlarini chiqarish imkoniyati bo‘ladi. Sanoat ishlab chiqarishni rivojlantirishimiz kerak. Oddiy misol, parranda go‘shti. Bu ham go‘sht. Mol go‘shti qimmatlashadigan bo‘lsa aholi baribir, ozgina bo‘lsa ham, parranda go‘shtiga o‘tadi. Vaqtida parranda sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Aynan parranda sanoat sohasi rivojlandi. Parrandani barcha iste'molchilarga, bozorga yetkazib beruvchilar aynan sanoat ishlab chiqaruvchilar hisoblanishadi. Parranda sanoati bo‘yicha juda kuchli raqobat vujudga kelgan. Buning natijasida parranda go‘shti narxi so‘nggi 5 yil davomida bir me'yorda turibdi. Aynan shu mexanizmni go‘sht bo‘yicha ham joriy qilishimiz kerak.

Sanoat ishlab chiqarish uchun qanaqa sharoit kerak? Mutaxasisslarning hisob-kitobi bo‘yicha 1 bosh qoramol uchun 30 sotix yer kerak. Sanoat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun ming bosh qoramol bo‘lishi kerak. Ming bosh qoramolga yarasha tadbirkorlarga hokimliklar tomonidan yer berilsa ana shunda bu soha rivojlanadi», deydi qo‘mita raisi. 

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top