10:52 / 11.09.2019
4
15915
XTV tizimidagi maktablarda budjet qonunbuzilish holatlari aniqlanmoqda
Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan olib borilayotgan nazorat tadbirlari natijalarida Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi umumta'lim maktablarida budjet mablag‘larini sarflanishida tizimli ravishda budjet qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlanmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi ayrim umumta'lim maktablarida 2018 yilda va 2019 yilning o‘tgan davrida umuman ishlamagan fuqarolar nomiga ish haqi hisoblash va ish haqi to‘lov qaydnomalarining jamiga qo‘shib yozib o‘zlashtirish yo‘li bilan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Umumta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi to‘g‘risida nizom» va «Umumta'lim muassasalari huzuridagi maxsus komissiyalar to‘g‘risidagi nizom» talablariga rioya qilinmasdan jami 633,8 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari noqonuniy xarajatga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, 2018 yilda va 2019 yilning yanvar-fevral oylarida Dehqonobod tuman xalq ta'limi bo‘limi hisobchisi tomonidan tumandagi 8-sonli (24,7 mln so‘m), 9-sonli (15,1 mln so‘m), 30-sonli (42,7 mln so‘m), 39-sonli (27,8 mln so‘m) va 88-sonli (29,3 mln so‘m) umumta'lim maktablarda umuman ishlamagan 7 nafar qarindoshlari nomiga ish haqi hisoblanib, jami 139,6 mln so‘m budjet mablag‘lari noqonuniy xarajatga chiqarilgan.

Shuningdek, tumandagi 8-sonli (5,8 mln so‘m), 9-sonli (12,2 mln so‘m) va 30-sonli (2,8 mln so‘m) umumta'lim maktablarda budjet mablag‘lari ish haqi to‘lov qaydnomalarining jamiga qo‘shib yozish yo‘li bilan o‘zlashtirilib, jami 20,8 mln so‘m kamomadga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Umumta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi to‘g‘risida nizom» va «Umumta'lim muassasalari huzuridagi maxsus komissiyalar to‘g‘risidagi nizom» talablariga rioya qilinmasdan tumandagi 52-sonli (195,1 mln so‘m), 82-sonli (143 mln so‘m) va 84-sonli (135,3 mln so‘m) umumta'lim maktablarda budjet mablag‘lari hisobidan maktab maxsus komissiyasining qarorisiz va maktab direktorining burug‘isiz va boshqa asoslovchi hujjatlarsiz jami 473,4 mln so‘m miqdoridagi rag‘batlantirish, mukofot va moddiy yordam pullari oshiqcha to‘lanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Dehqonobod tumanidagi ushbu umumta'lim maktablarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top