20:33 / 12.09.2019
12
50724

Prezident tomonidan QQS stavkasini 5 foizga pasaytirish bo‘yicha topshiriq berildi

O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdori 20 foizdan 15 foizga pasaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat budjetiga kafolatlangan tushumlarni ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilidagi misli ko‘rilmagan qadam nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida investitsiya va iqtisodiy o‘sishning asosiy omili bo‘lishi lozim.

Albatta, soliqchilikdagi bu harakat davlat uchun ixtiyoriy va og‘ir qadam bo‘ladi, chunki budjetga soliq tushumlarining uchdan bir qismi QQS hisobiga ta'minlanadi.

Ammo davlat budjeti daromadlarining qisqarishi xavfiga qaramay, soliq yukini kamaytirish va mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berildi.

Mazkur qaror soliq yukini kamaytiradi va soliq to‘lovchilar ixtiyorida 10 trln so‘m qolishiga imkon beradi. QQS stavkasining 15 foizga pasaytirilishi pul-kredit siyosatining yumshatilishi va O‘zbekiston bozorida narxlarning barqarorlashuvi belgisidir. 

Ma'lumki, amaldagi 20 foizlik soliq stavkasi 2000 yilda o‘rnatilgan va so‘nggi 19 yil ichida qayta ko‘rib chiqilmagan. Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston 2008 yildagi global moliyaviy inqirozdan keyin QQS stavkasini sezilarli darajada pasaytirishga erishgan birinchi mamlakat bo‘ldi (25 %).

O‘zbekiston soliq siyosatidagi so‘nggi o‘zgarishlar hukumatning ochiqligi va mamlakat rivojlanishiga yangi impuls izlash uchun biznes hamjamiyati bilan muloqotda konstruktiv munosabatda bo‘lishga qaratilgan.

Korzinka.uz tarmog‘ining asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov ham prezidentning qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini kamaytirish bo‘yicha topshirig‘i muhim voqealardan biri ekanligini bildirib o‘tgandi.

«Mubolag‘asiz aytish mumkinki, ushbu vazifa yangi Soliq kodeksi loyihasini muhokama qilish jarayonidagi eng muhim voqeadir. Soliq stavkalari, birinchi navbatda, QQS stavkasining soliq to‘lovchilar bazasini parallel ravishda kengaytirish va ushbu soliq bo‘yicha barcha imtiyozlarning bekor qilinishi jarayonida pasaytirilishi yashirin iqtisodiyot sektorining qisqarishiga yordam berib, soliq solishni biznes uchun yanada adolatli qiladi», - deb yozdi Hoshimov Facebook’dagi sahifasida.

Uning ta'kidlashicha, bularning barchasi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning investitsion jozibadorligini oshirishga yordam beradi.

«Hozirda 20 foizlik QQSdan cho‘chiyotgan ko‘plab korxonalar soyadan chiqsa, unda budjet yig‘imlari sezilarli darajada oshishi kerak. Umid qilamanki, stavkani pasaytirish shunchaki rasmiy qadam emas, balki samarali va asosli jarayonga ega bo‘ladi», - deya ta'kidlab o‘tdi Hoshimov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top