12:45 / 13.09.2019
0
4454
OTB O‘zbekistonga ofshor obligatsiyalarni chiqarishda yordam taklif qildi

Joriy yilning 12 sentyabrida Markaziy bankda g‘aznachi Per Van Petegxem boshchiligidagi OTB delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro kapital bozoriga milliy valutadagi obligatsiyalarini chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar muhokama qilindi.

MB xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar Osiyo taraqqiyot bankining milliy valutaga oid ofshor obligatsiyalarini chiqarish orqali loyihalarni moliyalashtirishda hamkorligiga doir bir qator masalalarni ko‘rib chiqdilar. 

OTB kelgusida pul (valuta) bozoriga instrumentlarni joriy qilish orqali ichki bozordagi operatsiyalarini sezilarli kengaytirishi mumkinligi belgilab olindi.

Shuningdek, tomonlar OTB va Markaziy bank o‘rtasidagi hamkorlik, xususan, texnik ko‘mak va salohiyatni rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar, deyiladi xabarda.

OTB ma'lumotlariga ko‘ra, 1995 yildan beri O‘zbekiston umumiy qiymati 7,9 milliard AQSh dollariga teng 73ta kredit olgan. 2019 yilning 8 oyi davomida OTB bog‘dorchilik sohasida qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish, temir yo‘l transporti samaradorligini oshirish va ichimlik suvi bilan ta'minlashni yaxshilash uchun 472,3 mln. AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top