12:21 / 13.09.2019
1
10879
Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining turlari kengaytirildi
Foto: KazanFirst

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi:

93-moddaning (Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining turlari) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari jumlasiga quyidagilar kiradi:

a) yashash joyi bo‘yicha ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida) majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish;

b) yashash joyi bo‘yicha umumiy tartibli psixiatriya muassasasining umumiy kuzatiladigan bo‘limida majburiy davolanish;

v) umumiy tartibli psixiatriya muassasasining maxsus reabilitatsiya bo‘limida majburiy davolanish;

g) kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish;

d) jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish bo‘limlarida hamda mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan shifoxonada majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish»;

94-moddaning (Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Ruhiy holati buzilgan, kasalligining zo‘rayishi alomatlari bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek ruhiy holati vaqtincha buzilgan shaxslarga nisbatan kasallik qaytarilishining va ular tomonidan yangi ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etilishining oldini olish uchun yashash joyi bo‘yicha ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida) majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish tayinlanishi mumkin.

Yashash joyi bo‘yicha umumiy tartibli psixiatriya muassasasining umumiy kuzatiladigan bo‘limida majburiy davolanish ijtimoiy xavfliligi umumiy asoslarda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan davolashni talab etadigan holat bilan bog‘liq bo‘lgan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.

Umumiy tartibli psixiatriya muassasasining maxsus reabilitatsiya bo‘limida majburiy davolanish ijtimoiy xavfliligi ko‘proq ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi mumkin bo‘lmagan reabilitatsiya choralari ko‘rilishini talab etadigan holat bilan bog‘liq bo‘lgan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.

Kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish o‘ta ijtimoiy xavfli bo‘lgan yoki o‘z xulq-atvorida umumiy tartibli psixiatriya shifoxonasi sharoitlarida zarur davolash va reabilitatsiya choralarini amalga oshirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yadigan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin. Ruhiy holati buzilgan shaxslar kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida batamom ajratilgan holda saqlanadi va qo‘riqlanadi.

Jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish bo‘limlarida hamda mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan shifoxonada majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan, jinoyat sodir etish vaqtida ruhiy holati buzilganligi tufayli o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini to‘liq darajada anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin»;

95-modda (Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari muddatini uzaytirish, o‘zgartirish va bekor qilish) quyidagi tahrirda bayon etildi:

«95-modda. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni uzaytirish, o‘zgartirish va tugatish

Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni uzaytirish, o‘zgartirish va tugatish shifokor psixiatrlar komissiyasining xulosasi asosida, jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish bo‘limlarida va mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan shifoxonada esa, tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan amalga oshiriladi.

Ruhiy holati buzilgan shaxs tibbiy yusindagi majburlov choralarini qo‘llashga muhtoj bo‘lmagan hollarda, shuningdek bu choralarni qo‘llash tugatilganda sud bunday shaxsni umumiy asoslarda davolash yoki ijtimoiy ta'minot muassasasiga yuborish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun sog‘liqni saqlash organlariga topshirishi mumkin.

Alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yo‘liqqan shaxslarga nisbatan jazo bilan bir qatorda tayinlangan tibbiy yusindagi majburlov choralarini qo‘llashni tugatish tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan amalga oshiriladi»;

96-moddaning (Alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka yo‘liqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi choralarni qo‘llash) nomi va birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«96-modda. Jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash

Alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yo‘liqqan yoxud aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilgan taqdirda, agar tibbiy xulosa mavjud bo‘lsa, sud jazo tayinlash bilan birga ularga nisbatan tibbiy yusindagi majburlov choralarini tayinlashi mumkin»;

104-moddaning (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) birinchi qismidagi (Sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish natijasida ko‘rish, so‘zlash, eshitish qobiliyatini yo‘qotish yoxud biron a'zoning ishdan chiqishi yoki uning faoliyati tamoman yo‘qolishiga, ruhiy kasalga chalinishga yoki umuman sog‘lig‘i buzilib, umumiy mehnat qobiliyatining o‘ttiz uch foizidan kam bo‘lmagan qismining doimiy yo‘qolishiga yoki homilaning tushishi yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo‘lsa) «ruhiy kasalga chalinishga yoki umuman sog‘ligi buzilib» degan so‘zlar «ruhiy holatining buzilishiga yoki sog‘ligining boshqacha tarzda buzilishiga» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

127-1-moddaning (Tilanchilik qilish) ikkinchi qismidagi (Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta'sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste'mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa) «ruhiy kasalliklari» degan so‘zlar «ruhiy holati buzilgan» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top