15:37 / 14.09.2019
43
51170

Bloger Senatga to‘y kortejlaridagi avtomobillar soni bo‘yicha taklif berdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasi va Senati Kengashining qo‘shma majlisida «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokamasi o‘tkazilib, muhokama yakunida qaror bir ovozdan ma'qullandi. 

Muhokamada bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kelin-kuyovlarning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq tadbirlarda 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinalar ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi, degan mazmundagi yangilikka o‘z fikrlarini bildirdi.

«Qaror e'lon qilingandan so‘ng jamoatchilik qanday fikr bildirishini o‘ylab ko‘rish zarur. Misol uchun, kortejlar masalasida ham o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Nega 4 yoki 5 ta emas, aynan 3ta?» - deya savol bilan murojaat qildi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Blogerning ma'lum qilishicha, uning to‘yida ham aynan 3 ta yengil avtomashina ishtirok etgan. 

«Bu bilan men hech narsa yutqazganim yo‘q. Yoki shaxsiy hayotimga ham hech qanaqa ta'sirini sezmadim. Shuning uchun cheklovni qo‘llab-quvvatlayman. Faqat ushbu bandga mantiqiy asoslangan izoh berilishi kerak.

Hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, bitta mashina kelin-kuyov uchun ajratilsa, yana biri fotograf va operator uchun ajratiladi. Kuyovning 2-3 nafar o‘rtog‘i va kelin dugonalarining ham kelin-kuyov bilan birga yurishini inobatga olib, ularga ham alohida-alohida mashina ajratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Negaki, kelin dugonalariga begona kuyovning o‘rtoqlari bilan bitta mashinada o‘tirish noqulay bo‘lishi mumkin», - deya fikrlarini izohladi Xushnudbek Xudoyberdiyev. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, bitta mashina bilan juda katta narsa o‘zgarmasligi mumkin. Lekin cheklovni mantiqiy asoslashning imkoni bo‘ladi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva ushbu taklif, albatta, ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top