12:54 / 14.09.2019
10
21679

Suv xo‘jaligi vaziri: «Joylarda suvdan foydalanish bo‘yicha keskin o‘zgarishlar kutilmoqda»

12 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni ijrosi va mohiyati yuzasidan ma'lumot berilib, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarildi.

Tadbirda Respublikaning turli xududlarida suvga doir munosabatlarni tartibga solish uchun mas'ul bo‘lgan suv iste'molchilari va suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining faoliyati qoniqarli darajada emasligi, suv munosabatlari baribir aholi vakillari va fermerlar o‘rtasida mustaqil hal qilinishi, bu jarayonda esa turli ziddiyatli vaziyatlar ham vujudga kelayotgani hamda mazkur uyushmalarning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish borasida savol bilan murojaat qilingan.

«Avvalo shuni aytishim kerakki, suv iste'molchilar uyushmalari nodavlat-notijorat tashkilot. Ular mahalliy hokimiyatga ham, bizning vazirlikka ham bo‘ysunmaydi. Bu tashkilotning yuqori organi fermerlarning umumiy yig‘ilishi hisoblanadi. Aynan mana shu yig‘inlarda ularning rahbarlari saylanadi, nizomlari tasdiqlanadi. Biz ularga yaqindan yordam beramiz.

Bizda 180 ming kilometrli sug‘orish tarmoqlari bo‘lsa, shundan 153 ming kilometri xo‘jalik ichki tizimlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Mana shu bo‘g‘inda tartibsizlik va suv boshqaruvidagi kamchiliklar bor. Bu kamchiliklar tartibga solinmasdan turib, sohadagi vazifalarni uddalab bo‘lmaydi.

Hozirda Respublika bo‘yicha 1503 ta suv iste'molchilari uyushmasi tashkil qilingan va bu uyushmalarning ishi mutlaqo samarasiz. Ayniqsa, eng katta muammo suv iste'molchilari uyushmaga vaqtida mablag‘ini to‘lashmaydi. Rahbar saylashadi, ishlarni to‘g‘ri tashkil qilishga va'da berishadi, lekin uyushmaga bo‘ysunmaydi. Yuqoridagi suv iste'molchi suvni ko‘proq olishga harakat qiladi, ariqni tozalashga chaqirganda chiqmaydi va ish haqi uchun ham kerakli mablag‘larni sarflamaydi.

Endi tasavvur qiling, bu pullarni ham davlat o‘z zimmasiga olsa, hozir qilayotgan milliardlab xarajatlarimiz trillionlarga aylanadi. 

Shuning uchun biz qonunchilikka taklif kiritganmiz va bu qonun tez kunlarda chiqishi ham kutilmoqdaki, unga ko‘ra, 1503 ta SIUlar 152-155 ta uyushmaga kiritiladi, ya'ni, har bitta tumanda yagona suv iste'molchi uyushmasi bo‘ladi.

O‘zgarishning foydali tomoni shundaki, endi 1503 ta rahbar va 1503 ta buxgalterlar bo‘lmaydi, joylardagi miroblar soni ko‘paytiriladi. Avvalgi SIUlar ularning bo‘limlari bo‘ladi. Tumanda esa har kuni olinayotgan suv miqdori, muammolari tahlil qilib boriladi. Biz suvdan foydalanish bo‘yicha pastki tizimda keskin o‘zgarish qilamiz», deya O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top