02:49 / 15.09.2019
3
32731

Qo‘qondagi moziy va bugun uchrashgan Xalqaro hunarmandchilik festivalidan fotoreportaj

Ertaklar olamiga sayohat qilmoqchi bo‘lgan mehmon Qo‘qon shahri markazidagi Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tayotgan hududga besh kun davomida tashrif buyursa bo‘lgani. Festival pavilonlarida qo‘l mehnati bilan takrorlanmas asriy ranglar jilosi uyg‘unligida yaratilgan sehrli va sirli san'at asarlarini ko‘rasiz. 

Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Qo‘qon shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san'atining turli yo‘nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Ustoz-shogird an'analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Qo‘qon shahrida hunarmandchilik an'analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik, chilangarlik, zargarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.

Festivalda Respublikamizning 153 tumanidan 1 116 nafar hunarmand o‘z asarlarini namoyish qilmoqda. 83 ta davlatdan hunarmandchilikning 29 ta yo‘nalishi bo‘yicha 191 nafar xorijlik hunarmandlar qatnashayotgani tahsinga sazovor. Shuningdek, faxriy mehmon sifatida 38 nafar yuqori martabali xorijlik davlat arboblari va olimlar tashrif buyurgan.

14 sentabr oqshomida festivalning rasmiy ochilish tantanalari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barchani chin yurakdan qutlab, yurtimizga, ushbu anjumanga bo‘lgan katta hurmat va e'tibori uchun xorijiy mehmonlarga tashakkur izhor etdi.

E'tiboringizga, festivalda olingan fotolavhalarni taqdim etamiz.

KUN.UZ muxbiri, Elmurod Ermatov

tasvirchi, Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top