21:55 / 15.09.2019
2
36684

Vazni chorak tonna bo‘lgan yigit bir yilda butunlay o‘zgarib, ilk marafonini yugurib berdi

Buyuk Britaniyaning Midlsbro shahrida istiqomat qilayotgan, o‘z tanasi ustida uzoq ishlagan Darren Makklintok vaznini 133 kilogrammgacha kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Garchi bu vazn ham kichik ko‘rsatkich hisoblanmasa-da, u oldingisidan ancha kam.

Laqabi Dibsi bo‘lgan fast-fud ishqibozi o‘zini epaqaga keltirishga majbur bo‘lgan. Chunki baqaloqning hayoti jiddiy xavf ostida qolayotgan edi.

U vaznining deyarli yarmi — 120 kilogrammini yo‘qotdi va 57 ming kishi orasida «Buyuk shimol yugurishi»da qatnashishga ham ulgurdi.

Foto © Mark Hind

Semizlik uni muqarrar o‘limga olib borishini anglaganida Darren o‘z do‘sti — professional murabbiy Mark Hindga murojaat qilgan. Ustozi darhol tashabbusni qo‘lga olgan va shahardagi barcha fast-fud restoranlariga Darrenga xizmat ko‘rsatmaslikni tayinlab chiqqan. Shu kundan boshlab unga ko‘chada taomlanish taqiqlangan.

Dibsini qutqaring. Semizlik uni o‘ldiradi. Unga xizmat ko‘rsatmang.

Foto © Mark Hind​​

Darren o‘z ratsionidan fast-fudni yo‘qotgach, uning o‘rniga sog‘lom parhezni qabul qilgan va mashqlar bilan shug‘ullana boshlagan, deb yozadi Teeside Live. Berilgan qurbonliklar bunga arzirdi. 8 sentabr kuni Darren «buyuk shimol yugurishi»da ishtirok etib, finish marrasini 2 soatu 43 daqiqada kesib o‘tgan.

«Menda hammasi joyida! To‘g‘ri, oyoqlarim biroz og‘rib turibdi. Yo‘lda menga yordam berishdi, faqat ma'nan. Meni qo‘llab-quvvatlashadi, deb sira o‘ylamagan edim. Bu kutilmagan hol», degan u.

Foto © Mark Hind

Ozish uchun kurashib uzoq yo‘l bosgan Darren endi keskin ozishdan so‘ng osilib qolgan ortiqcha terilarini yo‘qotish uchun operatsiyaga pul to‘play boshlagan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top