18:30 / 16.09.2019
0
11817

OAV: Shumaxer Parijdagi kasalxonani tark etdi

Foto: Global Press

«Formula-1» bo‘yicha yetti karra jahon chempioni Mixael Shumaxer Jorj Pompidu nomidagi Parij klinikasini tark etdi. Bu haqda Le Parisien nashri jurnalisti Jan-Mishel Dekyuji BFMTV telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shumaxer 9 sentabr kuni klinikaga olib kelingan. Ertasiga kerakli muolajalarni olgan va payshanba kuni Fransiyani tark etgan.

Dekyujining aniqlashicha, sobiq poygachiga qon quyish muolajasi o‘tkazilgan. Uni davolash bilan professor Filipp Menashe shug‘ullangan.

Dushanba kuni Le Parisien Shumaxer maxfiy ravishda Parijdagi klinikaga keltirilganini xabar qilgandi. Aytilishicha, poygachi Shveytsariyadan tez yordam mashinasida olib kelingan.

2013 yilda Shumaxer Alp tog‘laridagi Meribel kurortida tog‘ chang‘isida uchayotib, bosh miyasidan jarohat olgan edi. Komaga tushgan poygachi Grenobldagi shifoxonaga yetkazilgan va u yerda Shumaxer bir nechta operatsiyani boshidan o‘tkazgandi. 2018 yil dekabrda sobiq poygachi o‘ziga kela boshlagani, u endi o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmasiga ehtiyoj sezmayotgani va mustaqil ravishda nafas olayotgani ma'lum qilingandi.

Shumaxerning komadan chiqishidan umid uzmagan oilasi uning davolanishi uchun o‘n millionlab yevro sarfladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top