19:33 / 17.09.2019
0
4194

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportini moliyalashtirish uchun 100 mln dollar kredit jalb qilish ko‘zda tutilmoqda 

O‘zbekiston prezidentining yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan 2019-2020 yillarda yengil sanoatning to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

“Yo‘l xaritasi”da belgilanishicha, Vazirlar Mahkamasiga istisnosiz barcha paxta tozalash zavodlarida paxta tolasini majburiy davlat avtomatlashtirilgan hisobga olish va markirovkalash tizimini joriy etish, bunda boshlang‘ich bosqichlarda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlarida paxta tozalash zavodlari va tayyorlov maskanlarida paxta xomashyosini qabul qilishni hisobga olish va monitoring qilish tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritiladi. 

Salohiyatli xorijiy xaridorlar va investorlarni taklif etgan holda “Uzcharmexpo” 11-Xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.    

Mashhur xalqaro to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm- poyabzal va mo‘ynachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni, jumladan franchayzing shartnomalari asosida jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borish rejalashtirilgan.    

Shuningdek, yirik xaridorlar buyurtmalari asosida jozibador shartlarda yetkazib beriladigan tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport oldi maqsadli moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklardan kamida 100 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini jalb qilish ko‘zda tutilgan.    

To‘qimachilik, tikuv-trikotaj. charm-poyabzal va mo‘ynachilik mahsulotlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarining onlayn ma'lumotlar bazasi yaratiladi.    

Ilg‘or xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal va mo‘ynachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ko‘nikma va malaka oshirish markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top