16:40 / 18.09.2019
2
42363
«Bu pulga o‘zlari uy qurib ko‘rishsin-chi!» - Samarqand tumani katta «snos» arafasida

Samarqand viloyati Samarqand tumaniga qarashli, xalq tilida «Pobeda» kolxozi», deb ataladigan hududda, eshkak eshish kanali atrofida tashkil qilinayotgan turistik majmuaga olib boradigan yo‘l tushgan. O‘zi bunday yo‘l hozir ham mavjud, lekin tashkilotchilar uni kengaytirishmoqchi. Shu sabab juda ko‘p odamlarning uyi buzilish arafasida turibdi. Aftidan bu «snos» ko‘pchilikka qimmatga tushadigan ko‘rinadi.

Kun.uz muxbiri dastlabki murojaat asosida bu hududning «Toshkent – Termiz» yo‘liga yaqin yeridagi aholi bilan uchrashdi. U yerdagi odamlar uylari buzilayotgani, rasmiylar atigi bir necha kun oldin bu haqda bildirish xati berganini aytishdi.

Xatda odamlardan uylari «snos»ga tushgani sababli qo‘shimcha qurilish qilmaslik so‘ralgan. Ammo og‘zaki tarzda odamlarga «tayyorgarliklarini ko‘rish» qo‘shimcha qilingan. Vaholanki, biror obekt buzilishidan 6 oy avval uning egasi rasman ogohlantirilishi va kelishilgan kompensatsiya puli berilishi kerak. Ammo murojaatchilarga bildirish xati berish asnosida ko‘chish harakatini qilishlari aytilgan, hech qanday baholash firmasi uylarni baholamagan.

Odamlarning aytishicha, birorta baholash firmasi bu hududdagi uylarni baholashni xohlamagan.

Tahririyatga bir-biridan bexabar yana ikki guruh murojaat qildi.

«G‘alaba»ning boshlanishi hisoblangan «Qoziariq» mahallasidan bir guruh odamlar kelishdi va bu mahallada aksariyat odamlarning uylarining yarmi buzilayotgani haqida aytishdi. Bu hududlarda uylarning hajmi shundog‘am kichkina, endi esa ularning yarmi buzilishi talab etilmoqda. Odamlar buzilayotgan uylari uchun kompensatsiya puli miqdoridan norozi. Qizig‘i, baholash ishlari shunchaki binolarga qarab olib borilgan. Aslida esa baholash bino uchun ketgan barcha xarajatlarni hisoblashdan iborat emasmi?

Murojaatchilar uylar uchun taklif qilinayotgan pul haqida shunday deyishdi: «O‘sha aytayotgan pullariga o‘zlari uy qurib ko‘rishsin-chi! Bu uylarni qurguncha qancha umrimiz, salomatligimiz ketdi. Endi esa o‘zlari aytgan pulni berib bizni uydan chiqarib yuborishmoqchi».

Uyi to‘liq buzilayotgan odamlarga mahalla hududidagi fermadan joy berishmoqchi. Odamlar esa bu fermada kasallik tarqalgani haqidagi gaplar yurgani sabab u yerda yashashni istamayapti. Ular mahalladagi uzumzorlardan yer, uy qurish uchun yetarli pul berilsa, chiqib ketishga rozi: «Biz rivojlanishga qarshi emasmiz, lekin uyimiz buzilganiga yarasha yangi uy qurish uchun pul so‘rashga haqqimiz yo‘qmi?».

Bu murojaatlar mazmunini qog‘ozga tushirayotgan vaqtimizda tahririyatga «Toshkent –Termiz» yo‘li yoqasidagi do‘konlarda savdo qiladigan tadbirkorlar ham kelib qolishdi. Ularning aytishicha, «snoschilar» hech qanday rasmiy ogohlantirish bermasdan, do‘konni bo‘shatishga tayyorgarlik ko‘rishga ko‘rsatma berishgan. Do‘konlar oldida non sotadigan nonvoylar allaqachon boshqa yerga ko‘chib bo‘lgan, trassadan do‘konlar oldiga kiradigan yo‘l yopib qo‘yilgan va savdo to‘xtagan. Tadbirkorlarning aytishicha, non bo‘lmasa, do‘konni ochishdan foyda yo‘q. Odamlar aynan non olishga to‘xtaganida ularning do‘koniga kirishadi.

Tadbirkorlar bilan suhbatlashayotgan vaqtimizda Samarqand tumani hokimi Nosir Mavlonov kelib qoldi. Hamma uni savolga tutdi. Hokim esa hozir hech qayer buzilmasligi, odamlarga boshqa yerdan joy ajratilishiga so‘z berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hech kimning do‘koni kompensatsiya puli to‘liq berilmay turib buzilmaydi.

Odamlar hokimdan hech bo‘lmasa uzoq saqlab bo‘lmaydigan mahsulotlarini sotib olishlari uchun yo‘lni ochib qo‘yishni so‘rashdi. Ular yangi joy berib, do‘kon qurish uchun bir oy vaqt berilsa ham yetarli bo‘lishini aytishdi. Vaholanki, obekt buzilishidan 6 oy avval uning egasi ogohlantirilishi va puli berilishi kerak. Chunki «snos» hech kimga zarar yetkazmasdan, tadbirkorning biznesini to‘xtatmay amalga oshirilishi kerak.

Biz «G‘alaba»dagi odamlar bilan gaplashib bir narsaga amin bo‘ldik: u yerda deyarli hamma «Endi nima bo‘ladi?» degan savolga javob qidirib, kayfiyatsiz yuribdi.

Nahotki, shu ishlarni odamlarga zarar yetkazmaydigan qilib amalga oshirishning imkoni bo‘lmasa? Axir davlat ehtiyoji uchun bir yerni olishni hech kimga zarar yetmaydigan qilib amalga oshirish uchun Amerika ochish shart emas-ku?! Shunchaki hammasini qonunda belgilangan tartibda amalga oshirish kerak, xolos.

Umid qilamizki, rahbarlar boshqa viloyatlarda yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishadi, samarqandliklar esa «snos»dan jabr ko‘rishmaydi...

O‘tkir JALOLXONOV.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top