22:16 / 18.09.2019
2
12532

Kichik sanoat zonalarida juda jiddiy muammolar borligi tan olindi. Vazirlik Marg‘ilondagi holatga izoh berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 sentabr kuni sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan tanqidiy ruhdagi videoselektor bo‘lib o‘tgan edi. Bugun, 18 sentyabrda mazkur videoselektorda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi majlislar zalida OAV vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Vazir o‘rinbosari O‘ktamjon Karimov va qator mutasaddilar ishtirokida o‘tgan bu tadbirda mahalliylashtirishni kengaytirish, importni qisqartirish choralarini ko‘rish bo‘yicha yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

O‘ktamjon Karimov

«Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida tashqi savdoda salbiy saldo 3,8 mlrd AQSh dollariga teng bo‘ldi. Demak mahalliylashtirish masalasi juda muhim. Albatta, hech bir davlat importga butunlay barham bera olmaydi va bunday maqsad ko‘zlanmagan ham. Lekin shu bilan birga o‘z sanoatimizni rivojlantirishimiz kerak.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash doirasidagi eng katta imtiyozimiz – mahalliy bozorning o‘zi. O‘zaro ichki kooperatsiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, shaffof mexanizmlarni yaratish orqali ancha valutani tejab qolishimiz mumkin. Bundan tashqari yana 20 foizgacha preferensiyalar beramiz. Shuningdek, kichik sanoat zonalaridagi ishni to‘g‘ri tashkil qilishimiz kerak», – dedi Karimov.

Vazir o‘rinbosari jurnalistning: «Kichik sanoat zonalari kommunikatsiyalar bilan bog‘liq muammolarga duch kelishmoqda. Kuni kecha yoritilgan Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida faoliyat yurituvchi bir guruh tadbirkorlarning shikoyatlari bunga misol bo‘la oladi. Tadbirkorlar bu muammolar hal bo‘lmay turib o‘z zimmalariga olgan mas'uliyatni, ya'ni investitsiya kiritish, ishchi o‘rinlari yaratishni qanday qilib bajarishlari mumkin?», degan savoliga quyidagicha javob berdi.

«Kichik sanoat zonalari bo‘yicha har bir viloyat, har bir tuman bo‘yicha alohida o‘rganib chiqqanmiz. Tan olish kerak, muammolar bor va ular juda jiddiy. Chunki bu zonalarga barcha kommunikatsiyalar yetkazib berilishi kerak. Ammo viloyatlarda, hududlarda mablag‘ taqchilligi bor, shu tufayli ishlar ko‘ngildagidek ketmayapti.

Raqamlarga e'tibor bersangiz, 14ta hududdagi 156ta kichik sanoat zonasi inventarizatsiya qilinganida 101,5 km gaz tarmog‘i, 75,7 km elektr energiya uzatish tarmoqlari (xususan Marg‘ilonda 2,1 km), 62,5 km yo‘l, 88,2 km suv tarmoqlari yetishmasligi, ya'ni yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. Hozir bularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berganmiz, zarur choralarni ko‘ryapmiz.

Marg‘ilondagi umumiy holat qoniqarli (yaxshi emas) deb baholangan, aynan elektr energiyasi bo‘yicha muammo bartaraf etilishi kerak», – dedi O‘ktamjon Karimov.

Ma'lumot o‘rnida, Kun.uz kecha «Ishchi o‘rni ko‘payish o‘rniga kamayib ketmoqda» — Marg‘ilondagi tadbirkorlar muammo ichida» sarlavhali maqola e'lon qilgan, unda farg‘onalik tadbirkorlar kichik sanoat zonalarida o‘zlari duch kelayotgan qator muammolar haqida so‘zlab bergandilar.

Maqoladan so‘ng, «Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ masala joyiga chiqib o‘rganilganini ma'lum qilib, sanoat zonasiga alohida elektr tarmog‘i tortish va transformator punkti o‘rnatish 2020 yilning 2-choragi uchun rejaga kiritilganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top