18:45 / 18.09.2019
1
12310

Osiyo taraqqiyot banki nega O‘zbekistonga 150 million dollar kredit ajratdi?

Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirokida press-tur o‘tkazilmoqda. Press-tur «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»dagi uchrashuv bilan boshlandi. Ayni damda O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida yangi turdagi «aqlli» elekt hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki esa aynan mana shu loyiha uchun kredit ajratgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistondagi bu loyiha uchun 150 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratgan. Kredit 25 yilga berilgan va uning foizi LIBOR+0,6 foiz ko‘rinishida bo‘ladi. LIBOR bu inglizcha abrivatsiya bo‘lib (London Interbank Offer Rate) banklararo belgilangan stavka degan ma'noni bildiradi. Bugungi kundagi LIBOR stavkasi bilan hisoblasak, jahon bankining kreditini 3 foizlik deb qabul qilish mumkin.

Osiyo taraqqiyot banki ajratgan bu kredit evaziga hozirgacha 1,2 million iste'molchiga bepul «aqlli» elektr hisoblagichlar o‘rnatib berilgan. Joriy yil oxirigacha yana 2,5 million iste'molchiga bunday turdagi smart hisoblagichlar o‘rnatiladi. 2020 yilga borib 7 million iste'molchi «aqlli» hisoblagichlarga ega bo‘lishi press-tur davomida aytildi.

Press-turda qatnashayotgan xorijliy jurnalistlar bu qimmat hisoblagichlar nimaning evaziga tekinga qo‘yib berilayotgani bilan qiziqdilar. Respublika «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» rahbarining o‘rinbosari Feruz Qurbonov bu haqda shunday dedi: «Biz hisoblagichlarni tekinga o‘rnatayotganimiz bu ishdan zarar ko‘rayotganimizni anglatmaydi. Ularni o‘rnatgandan keyin elektr iste'moli uchun to‘lovlar sezilarli darajada oshdi. Bu loyiha biz uchun ham manfaatli bo‘lgani uchun unga qo‘l urganmiz».

Ayni damda Samarqand, Buxoro va Jizzax viloyatlarida Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi bilan hamkorlikda «aqlli» hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, bunday turdagi hisoblagichlar har qanday yashirincha ulashlardan himoyalangan. Ular o‘rnatilgan hududlarda tarmoqdagi yo‘qolishlar miqdori keskin kamaygan va to‘lovlar miqdori oshgan.

Yangi turdagi hisoblagichlarga har qanday usulda pul to‘lash mumkin. Xususan Click, Paynet kabi dasturlar orqali ham. Bu esa mutaxassislarning aytishicha, to‘lov jarayonida qulaylik tug‘diradi. Hisoblagichning ma'lumotlari sms orqali abonetlarga yuborib turiladi.

«KT Corporation»ning koreyalik mutaxassislariga yangi turdagi hisoblagichlar haddan tashqari sezuvchanligi, ular pultdan o‘chirilgan, lekin tarmoqdan uzilmagan «stand by» rejimidagi televizor uchun ham pul ishlayotgani haqida so‘raganimizda ular aslida shunday bo‘lishi kerakligini, hisoblagichlar elektr quvvatining miqdoridan qat'i nazar ishlashi kerakligini aytishdi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top