11:45 / 18.09.2019
0
44825

Qozog‘istonda etnik o‘zbeklarga janubdan shimolga ko‘chib o‘tish taklif qilindi 

Qorabuloq qishlog‘i / Foto: informburo.kz

Etnik o‘zbeklarga Qozog‘iston janubidan shimoliga ko‘chib o‘tish taklif qilinmoqda, deya xabar berdi Nur.kz Nur Otan partiyasining Turkiston viloyati bo‘limi xabarnomasiga tayangan holda.

Partiyaning Turkiston viloyati bo‘limi raisining birinchi o‘rinbosari Beysen Tojibayev boshchiligidagi targ‘ibot guruhi Qorabuloq qishlog‘i aholisi bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida u o‘zbek diasporasini «Yeңbek» dasturining afzalliklaridan foydalangan holda, unda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Foto: Otyrar.KZ

«Qorabuloq - mamlakatdagi aholi eng zich joylashgan qishloq. Ovulda 60 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ammo bu yil faqat bir oila bu yerdan shimolga ko‘chib o‘tdi. Loyihada ko‘chib o‘tganlarga ekinlar yetishtirish, chorvachilik uchun yer ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bizning mintaqada 400 mingdan ortiq mehnatsevar o‘zbeklar istiqomat qiladi, agar ular davlat dasturida faol ishtirok etsa, aholi ish va uy-joy bilan ta'minlanadi. Shimoliy mintaqalar gullab-yashnaydi. Ko‘p muammolarni hal qilish mumkin bo‘ladi», - deya ishonch bildirgan Tojiboyev.

Matbuot uchun xabarnomada aytilishicha, katta strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bunday uchrashuv o‘zbek etnik guruhi vakillari o‘rtasida ilk bor o‘tkazildi. Natijada, 52 oila shimoliy hududlarga ko‘chib o‘tish istagini bildirdi.

Partiya viloyat bo‘limi rahbarining birinchi o‘rinbosari mas'ul shaxslarga umumiy aholisi 210 ming kishidan iborat bo‘lgan Sayram tumanining har bir ovulida keng targ‘ibot ishlari olib borishni buyurdi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top