16:35 / 18.09.2019
3
30514

«Toshshahartransxizmat» va «Toshkent metropoliteni»da moliyaviy zarar yuzaga kelgan. Hukumat tegishli qaror qabul qildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar yo‘lovchi tashish transporti tashkilotlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va "Toshshahartransxizmat” AJning cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchi tashish hisobidan yuzaga kelgan zararlarni qoplash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi:

“Toshshahartransxizmat” AJ avtobus saroylarining - 2018 yil IV choragi va 2019 yil I choragi bo‘yicha 38 715 700 ming so‘m;

"Toshkent metropoliteni” UKning - 2018 yil va 2019 yil 1 choragi bo‘yicha 9 011 000 ming so‘m.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi:

a) “Toshshahartransxizmat” AJ avtobus saroylarida 2018 yil IV choragi va 2019 yil I choragi bo‘yicha 38 715 700 ming so‘m miqdoridagi zararni quyidagi qo‘shimcha manbalar:

27 771 650 ming so‘m - O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan;

10 944 050 ming so‘m - Toshket shahar mahalliy budjeti hisobidan;

b) “Toshkent metropoliteni” UKning 2018 yil va 2019 yil 1 choragi bo‘yicha 9 011 000 ming so‘m miqdoridagi zararni O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetining daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan qoplaydi.

“Toshshahartransxizmat” AJ “Toshshahartransxizmat” AJ avtobus saroylarining 2018 yil IV choragi va 2019 yil I choragi bo‘yicha zararlarni qoplash uchun ajratilayotgan 38 715 700 ming so‘m miqdoridagi mablag‘lar yetkazib beriladigan dizel yoqilg‘isi uchun “O‘zbekneftegaz” AJ tashkilotlariga yo‘naltirilishini ta'minlaydi.

“Toshkent metropoliteni” UK 2018 yil va 2019 yil I choragi bo‘yicha zararlarni qoplash uchun ajratilayotgan 9 011 000 ming so‘m miqdoridagi mablag‘lar iste'mol qilingan elektr energiyasi uchun qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirilishini ta'minlaydi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda “Toshshahartransxizmat” AJ va “Toshkent metropoliteni” UKni moliyaviy sog‘lomlashtirish va ularning zararlarini kamaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish to‘g‘risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top