12:12 / 19.09.2019
0
4864

«Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida»gi qonun jamiyat uchun kerakmi?

Mamlakatimizning asosiy qonun chiqaruvchi organi — Oliy Majlisda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi yangi qonun loyihasining ahamiyati va zarurligi haqida munozaralar davom etmoqda. Yaqinda uning birinchi o‘qishi bo‘lib o‘tdi. Qonunchilik palatasida qonun loyihasi berilgan takliflar asosida ko‘rib chiqilib, takomillashtirilmoqda, deb yozadi Davlat xizmatlari agentligi FHDYo organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish va metodik ta'minlash bo‘limi boshlig‘i X. Nasimov.

 Asos bormi?

 Har yili Hukumat bilan birgalikda faoliyatning deyarli barcha sohalarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlanadi. Tushunib turganingizdek, u yoki bu yo‘nalishda islohotlarni amalga oshirish uchun birinchi navbatda mazkur o‘zgarishlarni joriy etishga imkon beradigan normativ-huquqiy baza zarur.

 Bugungi kunda, deyarli barcha sohalar jadal sur'atlar bilan isloh qilinib, takomillashtirilmoqda, shu jumladan FHDYo sohasida ham — ya'ni, tug‘ilish, o‘lim, nikoh hamda ajralishni qayd etish va boshqalar, bunday jarayonlardan chetda qolayotgani yo‘q albatta.

 Shunday qilib, FHDYo sohasini isloh qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining Farmoni bilan rejalashtirilgan edi.

 Shu maqsadda Adliya vazirligi tomonidan “Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

 Yagona Qonun nima uchun kerak?

 Bugun fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bir qator hujjatlar — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi va boshqa qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, vazirlik va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tuzilgan yoki tan olingan xalqaro shartnomalar va kelishuvlar normalariga muvofiq amalga oshiriladi.

 Ushbu hujjatlarning har biri faqat ushbu sohadagi muayyan jarayon uchun vakolatga ega. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining VII bo‘limida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning umumiy qoidalari, tug‘ilganlik, nikoh, nikohdan ajralganlik, o‘limni qayd etish, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish tartibi, shuningdek dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish, qo‘shimcha kiritish hamda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini tiklash va bekor qilish tartibi nazarda tutilgan.

 Biroq, bugungi kunda alohida maxsus Qonun bilan FHDYo organlarining huquqiy maqomi va vakolatlari, javobgarlik masalalari belgilanmagan. Bu esa ushbu tizim izchilligini ta'minlab beradigan, normalarni qonun darajasida mustahkamlaydigan alohida qonun hujjatini qabul qilishni taqozo etmoqda.

 Xorijiy tajriba nima demoqda?

 Fuqarolik kodeksi qabul qilingan mamlakatlarda (masalan, Italiya, GFR, Shveytsariya, Fransiya) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarning tartibga solish manbai sifatida fuqarolik kodekslarining maxsus bo‘limlari xizmat qiladi.

 Sharqiy Yevropa mamlakatlarida (Vengriya, Polsha, Xorvatiya, Chexiya) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish asosan maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi.

 Umumiy huquq mamlakatlarida fuqarolik holati dalolatnomalari haqida turkumlashtirilgan qonunchilik mavjud emas, ammo nikoh-oila munosabatlarining alohida masalalarini tartibga soluvchi ko‘plab qonunlar amal qiladi. Masalan, Buyuk Britaniyada “Tug‘ilganlik va o‘limni qayd etish to‘g‘risida” (“Births and Deaths Registration Act”) qonun qabul qilingan.

 Bundan tashqari, fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risidagi maxsus qonunlar Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi, Estoniya, Armaniston va boshqa ko‘plab davlatlarda qabul qilingan.

 Fuqarolarga nima naf?

 Mazkur qonun loyihasi barcha FHDYo organlari xodimlarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonidagi javobgarligini belgilashga imkon beradi, shuningdek mazkur jarayonlar tartibini aniqlashtiradi.

 Bugungi kunda, FHDYo organlarining hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi bir qator Nizom va qoidalar bilan tartibga solingan. Mavjud qoidalarni to‘liq tushunish uchun mazkur hujjatlarni o‘rganish talab etiladi. Bunda, huquqiy tartibga solish tizimi haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘lish va hujjatlarni taqqoslash uchun maxsus huquqiy ko‘nikmalar talab etiladi.

 Qayd etilgan Qonunning qabul qilinishi bilan me'yoriy tartibga solish ancha soddalashtiriladi. Mazkur qonun loyihasi ushbu sohani tartibga soluvchi barcha asosiy qoidalarni o‘z ichiga oladi. Fuqarolar endi turli xil hujjatlarni o‘rganishlari shart bo‘lmaydi. Ya'ni, ushbu sohadagi huquq va majburiyatlaringizni bilish ancha osonlashadi.

 Ushbu qonun loyihasining yana bir afzalligi shundaki, qabul qilinganidan so‘ng, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani chet elda olgan fuqarolarimiz FHDYo organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi muhrli guvohnomalarini olishlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top