00:20 / 20.09.2019
1
27356

«Sallaning o‘rniga kallani olishibdi» yoxud Toshkent shahrining «Asaka»sidagi chinorlar mojarosi

19 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Asaka» MFYga qarashli Tamaraxonim ko‘chasida bir qancha chinor daraxtlarining kesilayotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston ekologik partiyasi Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov tashabbusi bilan tezkor surishtiruv o‘tkazildi. Unga OAV vakillari va blogerlar ham jalb etildi.

«Bu menga emas, ariza yozgan fuqarolarga yuborilgan»

«Asaka» mahallasi raisi Otabek Fuzayilovning aytishicha, shu yilning mart oyida uch-to‘rtta mashina ustiga daraxt shoxlari sinib tushgan va jiddiy shikast yetkazilgan. Shundan so‘ng MFY vakillari bir qancha daraxtlarni butlashni so‘rab, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmalariga murojaat qilishgan. Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 6 avgustdagi xulosasiga asoslanib, 23 avgust kuni Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi o‘rinbosari A.Abdulhaqov imzosi bilan javob xati kelgan.

Unda «Asaka» mahalla fuqarorlar yig‘ini hududida qo‘riqxonalar va boshqa tabiiy muhofaza hududlaridan hamda tabiat yodgorliklaridan tashqari hududlarda qonun bo‘yicha, binolar, inshootlar va kommunikatsiyalar qurilishi hamda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq sanitariya tartibida diametri 20,7 santimetr bo‘lgan zarang, 12 santimetr bo‘lgan safora, 18 santimetr bo‘lgan o‘rik, 25 santimetr bo‘lgan aylantus, 45 santimetr bo‘lgan akatsiya, 40 santimetr bo‘lgan eman daraxtlarini kesishga ruxsat berilgan. Ruxsatnoma muddati 2 sentyabrgacha etib belgilangan. Biroq kesish jarayonlari oradan o‘n besh kun o‘tgach, ya'ni 17 sentyabrdan boshlangan.

Tadbir davomida tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Xalilovga tuman hokimining o‘rinbosari A.Abdulhaqov nomidan 4 turdagi 7 dona daraxtlarni sog‘lomligini inobatga olib, daraxtni saqlab qolgan holda butlash ishlarini amalga oshirishini so‘rab yozilgan xat kelib tushmaganligi oydinlashdi. «Bu menga emas, ariza yozgan fuqarolarga yuborilgan», dedi U.Xalilov.

«Nima uchun odamlarni o‘ylamaymiz?»

Bir qancha sheriklari bilan birga daraxtlarni butalashga «bel bog‘lagan» Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi A.K.ning ta'kidlashicha, ular 5-6 yildan beri daraxat kesib, sotish bilan shug‘ullanishadi.

— Bizga shu hududdagi uy-joy mulkdorlari shirkati vakillari qo‘ng‘iroq qilib, «Daraxtlarni qurigan shoxlarini olib beringlar. Farzandlarimiz va mashinalar ustiga tushib ketyapti», — deya chaqirishdi. Aslida bu daraxtlarning uchi qurigan edi, — dedi u.

Marhamat aya Ergasheva:

— Mazkur hududda istiqomat qilaman. Daraxtlarni butalashda yordam so‘rab, mahalla raisi ikki yildan beri tuman obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qilib keldi. Sarsongarchiliklarga nuqta qo‘yilib, endi amaliy ishlarga qo‘l urilganda bunday «fojia» yuz bergani achinarli. Daraxtlarni kesgan bu odamlar bizga yordam beraman, deb boshi baloga qoldi. Bular oilasini boqish yo‘lida zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan insonlar bo‘lishsa. Ulardan norozi emasman.

Nozima:

— O‘zim ushbu mahallada ishlayman. Shu kunga qadar yuzdan ziyod turli daraxtlar ekdik. Mahallamni, aholimni yaxshi ko‘raman. Har bir fuqaroni o‘ylab faoliyat yuritaman. Bahor oyida to‘rtta mashina ustiga daraxt shoxi sinib tushdi. Bir safar kichkina qizcha ham daraxt tagida qolib ketay dedi. Nima uchun odamlarni o‘ylamaymiz? Ularning xavfsizligini ta'minlashimiz kerak-ku?!

«Tuman obodonlashtirish boshqarmasining xabari bo‘lmagan»

Nodirjon Yunusov, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i:

— 19 sentabr ertalab soat 09:30 da boshqarmaning telegram botiga ushbu holatga taalluqli xabar kelib tushdi. Joyiga chiqib o‘rganganimizda, dastlab diametri 112,7 sm bo‘lgan 1 tup chinor daraxtining noqonuniy kesilishi natijasida o‘sishdan to‘xtaydigan darajagacha shikastlantirilganligi hamda 2 tup chinor daraxtining noto‘g‘ri butalanishi oqibatida daraxtlarning shikastlantirilganligi aniqlandi. Surishtiruv natijasida ma'lum bo‘ldiki, yollanma ishchilar muddati 2019 yil 2 sentyabrga qadar bo‘lgan hamda yuqorida ta'kidlab o‘tilgan daraxtlarga daxli bo‘lmagan ruxsatnoma, ya'ni tuman hokimligining 2019 yil 23 avgustdagi 38-son ruxsatnomasi asos qilinib, qonunbuzarlikni sodir etishgan. Bu jarayondan tuman obodonlashtirish boshqarmasining xabari bo‘lmagan.

Ko‘rsatib o‘tilgan huquqbuzarlik natijasida o‘simlik dunyosiga jami 86.657.800 so‘m zarar yetkazilgan. Kun davomida mahalla raisi tomonidan ikkita UJMSh rahbariyatidan tushuntirish xatlari olinib, tegishli dalolatnoma tuzildi. Yetkazilgan zarar ko‘p miqdorda bo‘lganligi sababli to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 198-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atish hamda aybdor shaxslarga tegishli choralar ko‘rish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborish uchun tayyorlanmoqda. Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilganlar kamida eng kam ish haqining 50 baravari (11.150.000 so‘m)gacha midqorda jarimaga tortiladi, ko‘pida uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

«Boshqalarga o‘rnak bo‘lsa ajabmas»

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov mazkur manzara yuzasidan shaxsiy fikrlarini quyidagicha bildirdi:

— Daraxtlar agrotexnik butalanish o‘rniga kallaklangan, ya'ni ular deyarli o‘smaydigan holatga olib kelingan. Qisqacha qilib aytganda, sallaning o‘rniga kallani olishgan. Partiyamiz bu ekologik fojiani kuchli nazorat qilib, vaziyatni oxirigacha o‘rganadi.

Voqea joyiga yetib kelgan Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elbek Shukurov ham holat bo‘yicha o‘z munosabatini bayon etar ekan «Shahar hokimi ham daraxtlarni kesish holatiga bir necha marotaba o‘z pozitsiyasini bildirgan. Biz ham noqonuniy kesilishlarga butunlay qarshimiz. Bu borada maxsus guruh tuzulib, reyd tadbirlari tez-tez o‘tkazilyapti. Ushbu holat ham boshqalarga o‘rnak bo‘lsa ajabmas. Kesilgan daraxtlar tovonini to‘lagan bilan ularni yana yashashga qaytarib bo‘lmaydi afsuski», degan gaplarni ta'kidlab o‘tdi.

Qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan holatning kelgusidagi jarayonlarini kuzatishda davom etamiz.

Mirolim ISAJONOV

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top