13:25 / 20.09.2019
1
21792

Senatda Sog‘liqni saqlash vazirligining axboroti tanqidlarga sabab bo‘ldi

2019 yil 20 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, unda sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevning joylarda ayollar sog‘lig‘ini mustahkamlash, ularning reproduktiv salomatligini monitoring qilish, oilalarning tibbiy madaniyatini oshirish borasidagi ishlarning holati yuzasidan axboroti eshitildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida qator masalalar o‘z aksini topmaganligi so‘zga chiqqanlar tomonidan ta'kidlandi. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan axborotda bolalar salomatligini saqlash borasida olib borilayotgan kompleks tibbiy tadbirlar yoritilmagan.

Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ular orasida profilaktik emlash tadbirlarini tashkil etish masalalari ham yoritilmagan.

Ayollarda kuzatilayotgan bepushtlik holatlarini davolash zamonaviy tibbiyot oldida turgan dolzarb vazifa ekanligi majlisda alohida aytib o‘tildi. Bunda yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi, homiladagi nuqsonlarga erta tashxis qo‘yish maqsadida yangi perinatal texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq masalalar muhim o‘rin tutadi. Biroq bu mavzuga ham eshitilgan axborotda urg‘u berilmagan.

Shuningdek, respublikada mavjud perinatal markazlarning moddiy-texnika ta'minoti, yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanganlik holati, sohaning yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlanganlik darajasi o‘rganilmagan.

Vazirlik axborotida og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan, shuningdek odam savdosidan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘lami ochib berilmaganligi ham aytib o‘tildi.

Shu bilan bir qatorda majlis ishtirokchilari tomonidan aholining tibbiy madaniyatini oshirish, yoshlarning huquqiy va tibbiy ma'rifati sohasidagi ishlarni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Jumladan, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning aksariyati “reproduktiv salomatlik” va “reproduktiv huquq” tushunchalari haqida yetarli darajada xabardor emas. So‘rovda ishtirok etganlarning 53 foizi tug‘ruqlar oralig‘i tibbiyot amaliyotida qabul qilingan normalarga muvofiq kamida 3 yilni tashkil etishi lozimligidan bexabar.

Shulardan kelib chiqib, Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida eshitilgan axborotda o‘z aksini topmagan masalalar ham atroflicha muhokama etildi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masala bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top