02:28 / 20.09.2019
0
65963

Surxondaryo viloyati hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

2019 yilning 19 sentabr kuni Surxondaryo viloyati hokimligida faollar yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, hokimlik apparati mas'ul xodimlari, shahar, tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, Prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Qudbiyev ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Ro‘zimurat Kungratovich Choriyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.

Shu kungacha Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali direktori lavozimida ishlab kelgan Chori Rahmonovich Begimqulov viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Chori Begimqulov

Ma'lumot o‘rnida: Chori Rahmonovich Begimqulov 1974 yilning 10 oktyabrida Sherobod tumanida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan.

U 2017 yilda ToshDAU Termiz filiali direktori etib tayinlangunga qadar Toshkent davlat agrar universitetida samarali faoliyat yuritgan.

Shuningdek, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Rahmatullo Boboxonovich Gapparov Qumqo‘rg‘on tumani hokimi etib tasdiqlanishi munosabati bilan shu kungacha Qumqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Xolmamat Jo‘rayevich Samatov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Xolmamat Samatov

Ma'lumot o‘rnida: Xolmamat Jo‘rayevich Samatov 1965 yilning 25 avgustida Denov tumanida tug‘ilgan. 1987 yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti, 1993 yilda Moskva qishloq xo‘jaligi akademiyasini tamomlagan.

U 2019 yilning 27 fevralida Qumqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi tizimida, viloyat hokimligida turli vazifalarda, 2009–2016 yillarda Oltinsoy tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top