11:44 / 21.09.2019
0
7513

Prezident qarori loyihasi: qurilish sohasida raqobatga to‘siq bo‘layotgan muammolar aytildi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qurilish-pudrat tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, qurilish sohasini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, pudrat xizmatlari bozorini rivojlantirish, qurilish ishlari bilan band bo‘lgan mutaxassis va ishchilarga mehnat qonunchiligi asosida qulay shart-sharoitlar yaratish, qurilish-pudrat tashkilotlarining xalqaro talablarga muvofiq faoliyatini kengaytirishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, yangi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni o‘z vaqtida joriy etish qurilish ishlarining sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishning muhim sharti hisoblanadi.

Shu bilan birga, tahlillar qurilish sohasida pudrat ishlari bozorini tashkil etish, zamonaviy qurilish uslublari, normalari va qoidalarini keng joriy qilishga, raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan:

birinchidan, pudratchi tashkilotlarning ishlab chiqarish-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish hisobiga olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining miqyosi va sifatini tubdan yaxshilash, butun qurilish ishlari siklini “kaliti bilan topshirish” usulida bajarishni holati hamda rivojlanish tendensiyalari kompleks tahlil qilinmagan, oqibatda hududlarda olib borilayotgan qurilish ishlarining sifatini rivojlantirishning o‘rta muddatli va istiqbolli yo‘nalishlari belgilanmagan;

ikkinchidan, qurilish-pudrat tashkilotlarining imkoniyatlarini hisobga olgan holda ular faoliyatini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari yo‘qligi sababli, qurilish-pudrat tashkilotlarining faqat respublika hududida faoliyat olib borish bilangina cheklanib qolishiga sabab bo‘lmoqda hamda aksariyat hollarda qurilish obektlari uchun o‘tkaziladigan tanlovlarda sohada yetarlicha tajribaga, moddiy-texnika bazasiga va doimiy ishlovchi malakali mutaxassis hamda ishchilarga ega bo‘lmagan qurilish pudrat tashkilotlari ishtirok etishiga olib kelmoqda;

uchinchidan, qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi, ularga har tomonlama ko‘mak beruvchi tashkilotlarning yo‘qligi sababli davlat ro‘yxatidan o‘tgan jami 32 406 ta qurilish-pudrat tashkilotlaridan bugungi kunda 1491 tasi faoliyatini to‘xtatgan;

to‘rtinchidan, qurilish-pudrat tashkilotlari doimiy ishchilarga ega bo‘lmaganligi, qurilish obektlarida vaqtinchalik yollanma ishchilarni ishlatilishi qurilish-montaj ishlarining sifatsiz bajarilishiga, shuningdek, soliq va mehnat qonunchiligi talablarining ko‘pol ravishda buzilishiga olib kelmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top