14:38 / 21.09.2019
0
12390

«Xalq banki» filiallarida 159 nafar pensionerning pensiya va nafaqa pullari bank xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgan

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari AT «Xalq banki» tomonidan pensiya va nafaqalarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri tarqatilishi hamda budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat ishlari olib borilmoqda.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, AT «Xalq banki» tomonidan fuqarolarga pensiya, ijtimoiy nafaqalar va boshqa to‘lovlarni to‘g‘ri to‘lanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. 

Jumladan:

AT «Xalq banki»ning filiallarida 159 nafar pensionerning 55 mln. so‘mlik pensiya va nafaqa pullari bank xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgan bo‘lsa, to‘lov vedomostlarida imzolari bo‘lmagan 446 nafar pensionerlarning 144,4 mln. so‘mlik pensiyalari asossiz xarajatga chiqarilgan. 

Misol uchun, Bankning Boysun tuman filiali g‘aznachisi tomonidan 71 nafar fuqarolarning 2019 yil may oyi pensiyalari egalariga tarqatilmasdan 38 mln. so‘m mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan. Shu bilan birga, 120 nafar vafot etgan va ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga 60 mln. so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan hamda 642 nafar pensionerlarning 314,3 mln. so‘mlik pensiya va nafaqalari ishonchnomasi bo‘lmagan holda boshqa fuqarolarga berib yuborilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jamg‘armadan AT «Xalq banki»ga yotoqda bo‘lgan nogiron pensionerlar uchun nafaqalarni yetkazib berish xarajatlari qoplab berilayotgan bo‘lsa-da, 649 nafar yotoqda bo‘lgan va yurish imkoniyati cheklangan fuqarolarning 283,3 mln. so‘mlik pensiyalari uylariga olib borib berilmagan.Shuningdek, yashash manzilida bo‘lmagan va boshqa hududlarga ko‘chib ketgan fuqarolarga 301 mln. so‘mlik pensiyalar o‘rnatilgan tartibga zid ravishda to‘langan. Bundan tashqari, pensiya va nafaqalar oyning 26 sanasigacha to‘liq tarqatilishi belgilangan bo‘lsa-da, AT «Xalq banki» filiallari tomonidan qariyb 39 ming nafar fuqarolarga 13,5 mlrd. so‘mlik pensiya va nafaqalar belgilangan muddatidan kechiktirilib to‘lanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Samarqand viloyati boshqarmasi tasarrufidagi tuman (shahar) bo‘limlarida pensiya va nafaqalarni tayinlanishi hamda to‘lanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 165 holatda jami 168,6 mln. so‘mlik Jamg‘arma mablag‘lari noqonuniy sarflanganligi aniqlandi. Jumladan, fuqarolarga pensiya tayinlanishida ularning pasportidagi tug‘ilgan yili o‘zgartirilib, pensiya huquqi paydo bo‘lmasdan turib, pensiya tayinlanishi va to‘lanib kelinishi natijasida 9 holatda 61,1 mln. so‘m miqdorida Jamg‘arma mablag‘lari asossiz sarflangan. 

Misol uchun, Jamg‘armaning Payariq tuman bo‘limi tomonidan haqiqatda 1957 yil 27 dekabrda tug‘ilgan va pensiya olish huquqi mavjud bo‘lmagan fuqaroning tug‘ilgan yilini 1952 yil 27 dekabrga o‘zgartirilib, «Pensiya» dasturiga kiritilishi va muddatidan 5 yil oldin ya'ni 2014 yilda pensiya tayinlanishi oqibatida 18,8 mln. so‘m asossiz pensiya puli to‘lab kelingan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunida davlat pensiyalarining turli xillarini olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ularning o‘zlari tanlagan bir turdagi pensiya tayinlanishi belgilangan bo‘lsa-da, bir vaqtning o‘zida bir fuqaroga ikki turdagi pensiya va nafaqalarning tayinlanib, to‘lab kelinishi natijasida 14 holatda 21,2 mln. so‘m miqdoridagi Jamg‘arma mablag‘lari noqonuniy sarflangan.

Jamg‘armaning tuman (shahar) bo‘limlari mas'ul xodimlari tomonidan fuqarolarning ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumotlarini «Pensiya» dasturiga noto‘g‘ri kiritilishi oqibatida 35 holatda 41,8 mln. so‘m miqdoridagi Jamg‘arma mablag‘lari asossiz ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan. Misol uchun, Jamg‘armaning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limida yoshga doir pensiya tayinlanishida fuqaroning ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumotlarini «Pensiya» dasturiga noto‘g‘ri kiritilishi oqibatida fuqaroga 2016-2018 yillarda va 2019 yilning o‘tgan davrida 8,7 mln. so‘m ortiqcha pensiya puli to‘langan.

Shu bilan birga, korxona va tashkilotlar tomonidan beriladigan ma'lumotnomalardagi ish haqlarini noto‘g‘ri yozib berilishi oqibatida 3 holatda 7,8 mln. so‘m miqdorida mablag‘lar ortiqcha sarflanganligi aniqlangan. 

Misol uchun, Jamg‘armaning Urgut tuman bo‘limida fuqaroga yoshga doir pensiya tayinlanishida, Urgut tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumotnomasida fuqaro ishlamagan davr uchun asossiz ish haqi yozib berilganligi natijasida fuqaroga 2 mln. so‘m ortiqcha pensiya puli to‘langanligi aniqlanib, fuqaroga tayinlangan yoshga doir pensiya bekor qilingan va 11 mln. so‘m miqdoridagi noqonuniy pensiya to‘lovlarining oldi olingan.

Bulardan tashqari, Jamg‘armaning tuman (shahar) bo‘limlarining mas'ul xodimlari tomonidan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi muddati tugagandan ushbu pensiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘xtatilmaganligi natijasida 80 holatda 18,8 mln. so‘m, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari va 16 yoshgacha bolalikdan nogironlik nafaqasi tayinlanishiga asos bo‘lgan fuqarolar vafot etgani holda 21 holatda 8,9 mln. so‘m, tayinlangan imtiyozli pensiya talablarini asossiz ravishda o‘zgartirilishi natijasida 3 holatda 8,9 mln. so‘m miqdorida Jamg‘arma mablag‘lari noqonuniy sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan. 

Misol uchun, Jamg‘armaning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunning 12-moddasiga asosan 50 yoshga to‘lishi bilan imtiyozli ravishda pensiya tayinlangan fuqaroga mazkur Qonunning 49-51 moddalariga zid ravishda fuqaro 54 yoshga kirganida mehnat staji o‘zgartirilib, pensiya miqdori noto‘g‘ri oshirilishi natijasida 3,5 mln. so‘m Jamg‘arma mablag‘lari asossiz sarflangan.

Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari hujjatlari belgilangan tartibda huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top