20:47 / 22.09.2019
3
12990

Bolalarimiz bog‘chaga borishni xohlamasligi sharoitlar yomonligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin – Senat qo‘mitasi raisi

Maktabgacha ta'lim vazirligida tizimda ishlovchi mas'ul xodimlar ishtirokida «Korrupsiya – jamiyat rivojining kushandasi» mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda qatnashgan Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Batir Matmuratovning ma'lumot berishicha, 2019 yilning birinchi yarim yilligida maktabgacha ta'lim tizimida 35 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilga qaraganda 7taga oshganini ko‘rsatadi.

«Ushbu jinoyatlarning 7tasi Toshkent viloyatiga, 6tasi Jizzax viloyatiga tegishli bo‘lsa, Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatiga 5tadan to‘g‘ri keladi», deydi Senat qo‘mitasi raisi.

Shuningdek, Batir Matmuratov bolalarning bog‘chaga borish uchun xarxasha qilishlari ko‘pincha undagi sharoitlar qoniqarsizligi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkinligiga alohida urg‘u berdi.

Bundan tashqari, Batir Matmuratov Respublikadagi MTTlar bo‘yicha olib borilgan tekshiruvlar haqida to‘xtalib o‘tib, ayrim MTTlarda belgilangan miqdordagi oziq-ovqatdan olib qolinayotganini, aslida esa, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng yaxshi yo‘li xodimlar ijtimoiy himoyasini oshirishdan iborat ekanligini ta'kidladi.

«Balki turli fondlar orqali yaxshi ishlaydigan tarbiyachilarni rag‘batlantirish yo‘lini topish mumkindir», deya taklif ham berdi Batir Matmuratov.

«Maktabgacha ta'lim tizimida taklif qilishni yo‘q qilamiz. Chunki taklif qilinmasa, hech kim talab qila olmaydi. Agar MTT barcha talablarga javob bersa, kamchilik yo‘q bo‘lsa, nega qo‘rqish kerak? Poytaxtdan borganda viloyatda, viloyatdan borganda tumanda birorta mehmondorchilik yoki tushlik kabilarni taklif qilishni unutaylik. Hammaning o‘z maoshi, xizmat safariga ajratilgan puli bor», deya keskin talab qo‘ydi Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top