11:10 / 22.09.2019
3
13095
Mehnat vaziri o‘rinbosari yosh shifokorlarga qishloqlarda tekin uy-joy berishni taklif qildi

Qishloq joylarda shifokor kadrlarning yetishmasligi muammosini o‘sha hududlarda ularni bepul uy-joy bilan ta'minlash va maoshiga qo‘shimcha to‘lovlar berish orqali hal etish mumkin, deb hisoblaydi O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Umrzoqov bu haqda Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida aytib o‘tgan.

«Buyurtma bo‘lishi kerak! Shartnoma asosida. O‘sha qishloqlarga bitiruvchini majburan yuborish yo‘q qonun bo‘yicha. Bu majburiy mehnat deyiladi. Lekin uni iqtisodiy va ijtimoiy rag‘batlantiradigan yo‘llari bor.

Hukumat, masalan, bir topshiriq bilan yosh vrachlarga qishloqlarda bepul uy-joy bersa, ularning maoshiga qo‘shimcha to‘lovlarni biz vazirliklar bilan birgalikda qilib bersak, ular jon-jon deb ishlaydi. 5 yil emas, kerak bo‘lsa 10 yil ham ishlab ketadi», – dedi u.

Tibbiyot sohasida 15 yillik tajribasi borligini aygan Mehnat vaziri o‘rinbosari, shuningdek, tibbiy yordam va tibbiy xizmatning alohida-alohida miqdorlarini aniqlash, tibbiyotda milliy normalarni kiritish va hamshiralar sonini ko‘paytirish zarurligini ta'kidladi.

«Mana shu narsalarni hukumat qarori bilan yaqin yillarda joriy qilmasak, eski hammom, eski tos hali kamaymaydi», – deb xulosa qildi Bahodir Umrzoqov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligining Senatga taqdim qilgan axboroti tanqidlarga sabab bo‘lgani xabar qilingan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top