11:56 / 22.09.2019
13
147987
Shifokorning yozuvini nega o‘qib bo‘lmaydi? Vazir o‘rinbosari izoh berdi

«Hamshiralar tayyorlash keskin kamayib ketdi. Buni bir zamonlar kimdir atayin qilgan».

Foto: Reddit

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tibbiyot sifatini oshirish uchun mamlakatda hamshiralar sonini keskin ko‘paytirish kerak, degan fikrda.

Vazir o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning aytishicha, O‘zbekistonda shifokor va hamshira o‘rtasidagi muvozanat buzilib ketgan, shuning uchun vrachlar bemorni eshitish o‘rniga, o‘ziga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan ovora bo‘lib qoladi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tibbiyot sohasida 15 yillik tajribaga ega amaldor Senat qo‘mitasida hamshiralar masalasini ko‘targan.

«AQShda bitta vrachga 18 nafar hamshira to‘g‘ri keladi. Yaponiyada – 22, Germaniyada – 16 nafar. Bizda qancha? Bizda bitta shifokorga 3,5ta hamshira to‘g‘ri keladi. 3,5tadan ikkitasi har yili dekret-otpuskada. Demak, bizning vrachlar o‘z malakasiga taalluqli bo‘lmagan ishlarni bajaradi. Bemorni eshitish vaqtining 42 foizi shunga ketadi.

Nimaga vrachlarning yozuvini o‘qib bo‘lmaydi? Chunki ular shoshib yozadi va o‘zi uchun yozadi. Bularni axir hamshira qilishi kerak. Vrach bemor bilan muloqotda bo‘lishi kerak. Mana SSSRdan qolgan norma – bitta terapevt bemor bilan 10 daqiqa gaplashishi kerak. Shuning 8 daqiqasi yozuvga ketadi. Ikki daqiqada ko‘ziga, u yer-bu yeriga qaraydi, tamom.

Vrach bevosita muloqot qilganda, ortidagi 7-8 hamshiraning biri bemorning ovqatlanishiga, biri ukoliga, biri fizioterapiyaga, biri rentgen, biri rejim... Buni vrach yozmaydi, hamshiralar yozishi kerak bloknot yoki elektron shaklda. Nazoratini ikki kun – bir haftadan keyin vrach amalga oshirishi kerak.

Mana shu narsa bizda yo‘q. Bizda vrach o‘zi belgilaydi, o‘zi yozadi, ukolini ham o‘zi qiladi, hamshiralar dekret-otpuskada, boshqa ishlar va hokazo...» – dedi Bahodir Umurzoqov.

Uning urg‘u berishicha, tibbiyot sifatini oshirish bo‘yicha Mehnat vazirligining prinsipial pozitsiyasi ana shunday.

«Kelinglar, sifatni oshiramiz desak, taxminan 2025 yilga borib bitta shifokorga o‘nta hamshira to‘g‘ri kelishi kerak. Ana shunda mayli, 3tasi dekret-otpuskada bo‘lsa, 7tasi sog‘-omon ishlaydi.

Mana shu – bizning, Mehnat vazirligining prinsipial pozitsiyasi», – deb qayd etdi vazir o‘rinbosari.

«Yaqinda arxitektura sohasini ko‘rib chiqdik. Bitta arxitektorga ikkita texnik to‘g‘ri kelarkan. Shuning uchun arxitektor o‘zi chizadi, o‘zi xom hisob-kitoblarni qiladi... Arxitektor g‘oya berishi kerak! Chizish ishlarini texniklar qilishi kerak. Mana shu narsa bizda belgilanmagan», – deya qo‘shimcha qildi u.

Umrzoqov, shuningdek, so‘nggi yillarda oliy ta'limda hamshiralar tayyorlash ko‘rsatkichlari tushib ketganini qoralab, buni O‘zbekiston iqtisodiyotiga ig‘vogarlik deb baholadi.

«Sifat kerakmi, kelinglar, sifatni oshirishga yordam beruvchi mutaxassislarni ko‘paytiraylik. Aksincha, oxirgi 3-4 yilda hamshiralarni oliy ta'limga qabul qilish, tayyorlash keskin darajada kamayib ketdi. Bu – bizning iqtisodiyotimizga ig‘vogarlik. Kimdir buni atayin qilgan bir zamonlar. Shuni, kelinglar, ko‘paytiraylik», – dedi Bahodir Umrzoqov.

Bundan oldin, Umrzoqov yosh shifokorlarga qishloqlarda tekin uy-joy berish taklifini ilgari surgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligining aholi reproduktiv salomatligi mavzusidagi axboroti Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top