16:30 / 22.09.2019
0
22243
Poroshenko: «Hech kimdan qo‘rqmayman. Bu bolakaylar Poroshenkoni gumdon qilishni xohlaganlarning birinchisi emas»
Foto: REUTERS/Gleb Garanich

Ukrainaning beshinchi prezidenti Pyotr Poroshenko bunga qadar uni javobgarlikka tortish bo‘yicha bir nechta urinishlar bo‘lgani, shu bois qamoq jazosidan qo‘rqmasligini aytdi.

«Men hech kimdan va hech narsadan qo‘rqmayman, siyosiy hamrohlarim ham hech narsadan qo‘rqishmaydi. Men uzoq yillar muxolifatda bo‘lganman. Bu bolakaylar esa (Ukrainaning yangi hukumati – tahr.) Poroshenkoni gumdon qilishni xohlagan birinchi odamlar emas», – dedi sobiq prezident Ukrainaning «5» telekanaliga bergan intervyusida.

Siyosatchi himoyalanish uchun ko‘plab mexanizmlarga egaligini qayd etib o‘tgan. Poroshenkoning ta'kidlashicha, Ukraina sudi unga qarshi qaror chiqargan taqdirda bu eng avvalo davlat va hokimiyatga berilgan zarba bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, 2014-2019 yillarda Ukrainani boshqargan Pyotr Alekseyevichga nisbatan bir nechta jinoiy ishlar ochilgan. U davlatga xiyonat, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, jinoiy daromadlarni legallashtirish, soliqlardan bo‘yin tovlash, sud hokimiyatini uzurpatsiya qilish kabi jinoyatlarni sodir etishda gumonlanmoqda.

Bunga qadar ukrainalik 100 nafar deputat Poroshenko ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqirtirilgani, unga tegishli bankda tintuv o‘tkazilgani va uning zavodlaridan biriga sud tomonidan taqiq qo‘yilgani haqida xabarlar berib kelingan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top