12:38 / 23.09.2019
4
15223

Piyodalar o‘tish yo‘laklariga maxsus svetoforlar o‘rnatilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida piyodalar o‘tish yo‘laklariga maxsus yo‘lchiroq (svetofor)larni o‘rnatish haqida petitsiya e'lon qilindi

Qayd etilishicha, piyodalar o‘tish yo‘llarida ko‘plab yo‘l-transport hodisalari qayd etilmoqda. Ushbu hodisalar ko‘proq ikki transport vositasi o‘rtasida uchrab turadi. Ya'ni, orqadan kelayotgan mashina piyodani o‘tkazish uchun to‘xtagan mashinani orqasidan yetib oladi. Bunday holatlarda “aqlli svetofor”lar (tugmali) o‘rnatilishi ham ko‘p samara bermaydi. Bir piyoda uchun ikki taraf yo‘lida o‘nlab mashinalar to‘xtab turadi. Piyoda o‘tib ketganidan so‘ng ham yashil yonishini kutib turish kerak. Bu esa yo‘llarda harakatni cheklaydi. Transport vositalarining keraksiz to‘xtab turishlariga sabab bo‘ladi. 

“Lekin svetofor qo‘yilmagan piyodalar o‘tish yo‘lagida tez kelayotgan transport vositasi piyodani kechroq ko‘radi. Yoki boshqa transport vositalari to‘xtab turish sababini tushunmasdan o‘tib ketishga harakat qilishadi. Piyodalar o‘tish yo‘llaridagi barcha yo‘l-transport hodisalari shundan kelib chiqmoqda. Shu sababli, piyodalar o‘tish yo‘llari uchun yo‘l chiroqlarini joriy etish kerak. Buni standart svetoforlardan farqi shundaki, u ikkita chiroqdan iborat bo‘ladi. Qizil va yashil. Bu faqat tugmachalar orqali ishlaydi. Tugmachalar yo‘lning ikki tarafida bo‘ladi. Kattaroq yo‘llarda yo‘lning o‘rtasiga ham o‘rnatiladi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, piyodalar o‘tish yo‘laklariga maxsus yo‘lchiroq (svetofor)larni o‘rnatish taklif qilingan. Dastlab, bu taklifni tajriba tariqasida tartibga solinmagan serqatnov piyodalar o‘tish yo‘llarida sinovdan o‘tkazish mumkin ekani aytiladi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top