11:20 / 24.09.2019
2
33108

«Barsa» Messi nima uchun dunyoning eng yaxshi futbolchisi ekaniga 17ta sabab keltirdi

Lionel Messi FIFA tomonidan yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlandi. Argentinalik futbolchi jahonning eng kuchli futbolchisi sifatida e'tirof etilganidan keyin «Barselona» rasmiy sayti nima uchun u eng yaxshi futbolchi ekaniga 17ta sabab keltirdi.

1. La Liga va Ispaniya Superkubogi g‘olibi

O‘tgan mavsumda Messi yana ikki sovrin yutdi. Endi unda 34ta sovrin bor – u bu borada «Barsa»ning eng sovrindor futbolchisi.

2. La Liganing eng yaxshi to‘purari

Messi o‘tgan mavsumda 34 uchrashuvda maydonga tushib, 36 gol urishga erishdi, u «Barsa»ga 26- chempionlikni keltirdi va qatorasiga uchinchi bor chempionatning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

U jami 6 bor Ispaniyada mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan. U va afsonaviy Telmo Sarra bu borada rekordchi hisoblanishadi.

3. Yevropaning eng yaxshi to‘purari sifatida «Oltin butsa» sohibi bo‘ldi

Messi qatorasiga uchinchi mavsum Yevropadagi eng yaxshi to‘purar (ichki chempionatdagi ko‘rsatkichlar evaziga) bo‘ldi. Bu uning oltinchi «Oltin butsa»si.

4. Oltinchi bor Chempionlar ligasida eng yaxshi to‘purar

Messi o‘tgan mavsumda turnirning 10 uchrashuvida 12 gol urdi.

5. «Barsa» uchun 600-gol

Messi deyarli yetib bo‘lmas cho‘qqiga chiqib bo‘ldi, bu ro‘yxatdagi boshqa futbolchilar klub tarixidagi eng yaxshi to‘purardan ancha ortda qolib ketishgan.

6. Yevropa ligalarida jarima zarbasidan eng ko‘p gol urgan futbolchi

2018-19 yilgi mavsumda Messi 6 marta jarima zarbalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri darvoza to‘riga joyladi. U bu borada Ispaniya, Fransiya, Italiya, Germaniya va Angliya miqyosida eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etdi.

U YeChLda ham ikkita golini YeChL o‘yinlarida jarima zarbasi orqali urgan.

7. Primerada 400 gol

Messi – La Ligada birinchi bo‘lib 400 gol urgan futbolchi.

8. Faoliyatidagi oltinchi mavsumda kamida 50ta gol urdi

Messi o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasidagi 50ta o‘yinda jami 51 gol urdi: La Ligada 36 gol, YeChLda 12, Ispaniya Kubogida 3.

9. La Ligada g‘alabalar soni bo‘yicha rekord

Bu ko‘rsatkich borasida Messi «Real»ning sobiq darvozaboni Iker Kasilyasni ortda qoldirib, turnir tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘ldi.

10. «Barsa» libosidagi g‘alabalar soni bo‘yicha rekord

Messi katalonlar klubi bilan barcha turnirlardagi g‘alabalari sonini 477ta o‘yinga yetkazib, bu borada Xavini ortda qoldirib, yangi rekordni qayd etdi. U «Betis» darvozasiga het-trik yo‘llab, bu natijani qayd etgandi.

11. Chempionatdagi g‘alabalar soni bo‘yicha «Barsa» rekordini o‘rnatdi

Messi La Ligada 10 marta chempion bo‘ldi – bu esa klub rekordidir. Bu borada ligada eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan Fransisko Xentoga  (1953-71 yillarda «Real»da o‘ynagan) yetib olish uchun yana ikki chempionlik kerak.

12. La Ligada golli uzatmalar soni bo‘yicha yetakchi

Messi o‘tgan mavsumda nafaqat gollari soni bo‘yicha, balki golli uzatmalari soni bo‘yicha ham eng yaxshi futbolchi bo‘ldi – 13ta assist. «Sevilya»ning sobiq futbolchisi Pablo Sarabiyada ham shuncha golli uzatma bo‘lgan.

13. Amerika Kubogida bronza

Messi Argentinani Kopa Amerika yarimfinaliga olib chiqdi, ammo terma jamoa yarimfinalda Braziliyaga yutqazdi. Keyin esa uchinchi o‘rin uchun Chiliga qarshi kechgan uchrashuvda g‘alabaga erishildi.

14. Qatorasiga 11-mavsum Ispaniya chempionatida kamida 20tadan gol urish

Messi – bunday natijaga erishgan yagona futbolchi. U 2008-09 yilgi mavsumdan boshlab har mavsumda kamida 20ta gol urgan.

15. Ispaniya Kubogida 50dan ortiq gol

Messi o‘tgan mavsumda Qirol Kubogida uchta gol urdi – endi uning turnirdagi jami gollari soni 51taga yetgan. Bu borada faqat Xosep Samiterda (1919 yildan 1932 yilgacha o‘ynagan) ko‘proq gol – 64.

16. 50dan ortiq het-trik

Messi o‘tgan mavsumda «Sevilya»ga qarshi o‘yinda uchta gol urib, o‘z professional faoliyatidagi het-triklar sonini 50taga yetkazdi. Shundan 44tasi – «Barsa» safida, 6tasi – Argentina terma jamoasi o‘yinlarida.

17. Ispaniya Kubogining 6ta final o‘yinida gol urgan ilk futbolchi

Messi o‘tgan mavsum Ispaniya Kubogi finalida «Valensiya»ga qarshi o‘yinda bir gol urdi va bu gol unga yana bir unikal maqom taqdim etdi. Shu bilan birgalikda, o‘tgan mavsumdagi final Messining goli «Barsa»ga g‘alaba keltirmagan ilk final bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top