16:55 / 24.09.2019
24
16261

«O‘zbekistonda 5G tarmog‘i bir yarim yilda ishga tushirilishi mumkin» – «O‘zbektelekom»

Alisher Zufarov / Foto: KUN.UZ

Bugun, 24 sentabr kuni, Toshkentdagi Xalqaro savdo markazida ICTWEEK-2019 haftaligi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda «O‘zbektelekom» AK, Huawei kompaniyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT texnoparki vakillari ishtirok etishdi. Mutasaddilar haftalik doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar, tanlovlar, xalqaro hamkorlik va boshqa muhim masalalar haqida ma'lumot berishdi. Jumladan, 5G tarmog‘i borasida «O‘zbektelekom» AK tijorat direktori v.b Alisher Zufarov kengroq axborot berdi.

«Ko‘pchilik tarmoq foydalanuvchilari hali 5G tarmog‘iga tayyor emasliklarini aytishmoqda, chunki bu tarmoqqa ulanish uchun mos mobil qurilma bo‘lishi kerak. Aholi imkoniyatini hisobga olib, keyin texnologiyani yaxshilashga e'tibor bersak, ancha orqada qolib ketishimiz mumkin. 14 sentyabrda Toshkent univermagida test rejimida 5G’ni ishga tushirdik. Endi ertaga «O‘zekspomarkaz»da xuddi shu jarayon o‘tkaziladi. U yerda 5G tarmog‘iga ulangan smartfon, kompyuterlar namoyish etiladi. Bu tarmoqni keng foydalanuvchilarga taqdim qilishdan oldin qiladigan ishlarimiz ko‘p. Eng avvalo, malakali kadrlarni tayyorlash. Keyingi bosqichlarda 5G’ni aholi gavjum hududlarga o‘rnatish mo‘ljallangan. Shuningdek, qancha qurilma sotib olishimiz kerakligi,  qancha mablag‘ ketishi masalalari ham bor», deya Zufarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda 5G tarmog‘ini ishga tushirishga kamida bir yoki bir yarim yil vaqt ketadi. Ba'zan rejalar amaliyotdan farq qiladi. Ko‘rsatilgan muddat qisqarishi ham mumkin. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top