09:22 / 24.09.2019
0
15831

Uchquduqda sodir etilgan bosqinchilik fosh etildi

Joriy yilning 18 sentabr kuni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani Ichki ishlar bo‘limiga shu tumanning Geologlar ko‘chasidagi xonadonga ikki nafar noma'lum shaxs o‘zlarini kommunal xizmati xodimlari deb aldab kirishgani, ushbu xonadon egasining farzandi uyda yolg‘iz qolganidan foydalanib, uning qo‘llarini skotch bilan bog‘lab, bosqinchilik jinoyati sodir etishgani va xonadondan 26 mln. 500 ming so‘m pul hamda “Samsung J-4” rusumli mobil apparati olib ketilgani haqida xabar kelib tushgan.

Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi ma'lumotida aytilishicha, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Zudlik bilan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu bosqinchilik jinoyatini sodir etgan 1994 yilda tug‘ilgan F.F. va 1993 yilda tug‘ilgan A.Sh. va jinoyat sodir etish uchun qulay sharoit va boshqa ma'lumotlar haqida xabar berib turgan, xonadon egasi bilan birga ishlovchi 1994 yilda tug‘ilgan E.F.lar qo‘lga olingan.

Foto: IIV axborot xizmati

Gumon qilinuvchilarning yashash uylari tekshirilganda, ularning uylarida saqlanayotgan pullar, ikkita mobil apparati va jinoyat sodir etishda foydalaniladigan buyumlar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top