11:26 / 25.09.2019
0
3331

2019 yilda mavsumiy ishlar bilan 182 ming kishining bandligini ta'minlash nazarda tutilmoqda - Senat

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Bosh Assambleyasi doirasida joriy yil 24 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan “Yoshlar uchun mehnat sohasidagi kelajak: yoshlar bandligini targ‘ib qilish bo‘yicha strategik hamkorlik” deb nomlangan yuqori darajadagi kengash ishida ishtirok etdi. Tadbir Xalqaro mehnat tashkiloti ishtirokida tashkil etildi.

Xalqaro forumda so‘zga chiqqan Senat rahbari bugun O‘zbekistonda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi doirasida hayotning barcha sohalarida keng ko‘lamli yangilanishlar va islohotlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi. 

Barqaror iqtisodiy o‘sish va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni oshirish bilan birga yangi doimiy ish o‘rinlari tashkil etish, aholining, birinchi navbatda ayollar va yoshlarning bandligini ta'minlash, fuqarolarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish O‘zbekiston uchun ustuvor maqsadlar bo‘lib qolayotganiga urg‘u berildi. Har yili 500 mingdan ziyod yoshlar katta hayotga qadam qo‘ymoqda va ularni ishga joylashtirish zarur.

Ilk bor shu yilda mehnat bozorida prezidentning 2019 yil 5 martdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan yangi ish o‘rinlarini kvotalash uchun davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etildi. Qarorga muvofiq 2019 yilda 370 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish va mavsumiy hamda vaqtinchalik ishlar bilan 182 ming kishining bandligini ta'minlash nazarda tutilmoqda.

O‘z nutqida Senat raisi O‘zbekistonda bandlik sohasida xalqaro hamkorlik qilish masalasiga batafsil to‘xtaldi, shuningdek mehnat va bandlik sohasida qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish natijalari haqida so‘zladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top