11:02 / 25.09.2019
1
15501

Abdulaziz Komilov Nyu-Yorkda chaqiriq bilan chiqdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 23 sentabr kuni AQShga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashga (OHIChK) a'zo davlatlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etdi.

Majlis davomida ishtirokchilar mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash, madaniy-gumanitar kooperatsiyaga doir keng ko‘lamli masalalarni, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida so‘nggi yillarda Osiyoda umumiy va ajralmas xavfsizlik makonini yaratish uchun OHIChK to‘laqonli xalqaro muloqot maydonchasiga aylanganini ta'kidladi.

Vazir, shuningdek, Tojikiston tomonini tashkilotga muvaffaqiyatli raisligi bilan tabrikladi va 2020 yilga mo‘ljallangan OHIChK tadbirlar rejasini qo‘llab-quvvatladi. Ushbu reja O‘zbekiston tashabbusi bilan yoshlarning radikallashishiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konferensiyalar o‘tkazishni nazarda tutadi.

Ta'kidlanganidek, qit'aning kelajagi, xavfsizligi, barqaror rivojlanishi va farovonligi yosh avlodning qanday tarbiyalanishiga bog‘liqdir. Shu munosabat bilan Abdulaziz Komilov yoshlarning barkamol rivojlanishi va o‘zini namoyon qilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni maqsad qilgan BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va qabul qilishda birgalikda harakat qilishga chaqirdi.

Nutq so‘ngida Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta'minlash kabi umumiy ezgu maqsadlarga erishish imkonini beruvchi ishonchni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli yechimlarni topish bo‘yicha sa'y-harakatlarni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda OHIChK kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi, deyiladi TIV xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top