20:29 / 25.09.2019
2
34346

BMT maxsus ma'ruzachisi O‘zbekistondagi korrupsiya tahdidi haqida ogohlantirdi

Bugun, 25 sentabr kuni BMT vakili Diyego Garsiya-Sayan Xalqaro press-klubda mehmon bo‘ldi va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi. O‘z ma'ruzasidan so‘ng Garsiya-Sayan jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga ham javob berib o‘tdi.

BMT maxsus ma'ruzachisi sud hokimiyatining mustaqilligi borasida so‘z yuritar ekan, bu borada O‘zbekiston jiddiy qiyinchiliklarga yuz tutayotgani haqida fikr bildirgan.

«Sud hokimiyatining mustaqilligi va huquq ustuvorligiga jiddiy tahdidlar saqlanib qolmoqda. Hozirda hukumat islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlash va yakuniga yetkazish hamda odil sudlovga yetishish imkoniyatlariga ta'sir etayotgan, sud hokimiyatining mustaqilligiga erishish harakatlariga tahdid solayotgan amaliyotga chek qo‘yish uchun tezkorlik bilan harakat qilishi lozim. Korrupsiya va davlatdagi u bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy strukturalar davlat institutlariga, jumladan sud tizimiga ham jiddiy tahdid solmoqda.

O‘zbekiston jazosizlikka qarshi kurashish uchun kerakli tergov va sud protseduralarini joriy etishi lozim. Shuningdek, sud organlari va prokuraturada yetarli miqdorda va ishonchga loyiq bo‘lgan jamoalar mavjudligini ta'minlab berishi lozim. Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda xaqiqatni aniqlash uchun aybiga iqror bo‘lish haqida bitim tuzish to‘g‘risidagi kerakli huquqiy normalarning mavjud bo‘lishi ham muhim ahamiyatga ega», deya maxsus ma'ruzachining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot o‘rnida, maxsus ma'ruzachi o‘z xulosa va tavsiyalaridan iborat bo‘lgan hisobotining to‘liq matnini 2020 yilning iyun oyida Jyenevadagi Inson huquqlari bo‘yicha Kengashga taqdim etadi.

Janob Diyego Garsiya-Sayan BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi vazifasini 2016 yil dekabrida boshladi. Unga qadar ketma-ket ikki muddat davomida Inson huquqlari bo‘yicha Amerika davlatlari o‘rtasidagi sud sudyasi bo‘lgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top