13:54 / 25.09.2019
0
6803

DXSh asosida ishlayotgan maktablar: qator viloyatlarda holat qoniqarli emas

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Xalq ta'limi vazirligining “2019 yildagi faoliyat samaradorligi hamda maqsadli vazifalarga erishishni baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida”gi hisoboti eshitildi.

Ta'kidlanganidek, 2019/2020 o‘quv yilida koeffisenti yuqori bo‘lgan maktablarga o‘quvchilarni 1-sinfga qabul qilish faqatgina mikrohududdan amalga oshirish tartibi va tarmoqli maktablarni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar asosida amalga oshirilishi natijasida respublika bo‘yicha 71 ta tarmoq maktablari tashkil etilgan. Kasb-hunar kollejlarining 383 ta binosi maktablarga berilishi natijasida qo‘shimcha 224 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rinlari yaratilishi hisobiga 628 ta maktabning 1,5 koeffisentga tushirilishiga erishilgan.

Davlat xususiy sheriklik asosida faoliyat ko‘rsatayotgan umumiy o‘rta ta'lim maktablari soni 84 tadan 100 taga yetkazildi. Jumladan, Andijon, Namangan viloyatlarida 5 tadan, Jizzax, Samarqand, Xorazm viloyatlarida 2 tadan, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 1 tadan maktab tashkil etilgan bo‘lsa, qolgan viloyatlarda bu boradagi ishlar qoniqarli emasligi aytib o‘tildi.

Qayd etilganidek, Koreya Respublikasi Eksimbankining kredit mablag‘lari hisobidan yurtimizdagi 2766 ta umumta'lim maktabini 2 859 to‘plam kompyuter sinflari bilan jihozlash uchun tegishli shartnomalar imzolanib, bosqichma-bosqich yetkazib berilyapti.

Tadbirda 2019 yilgi o‘quv jarayonida umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 1-sinfiga 620 mingdan ziyod o‘quvchining qabul qilingani, maktablari o‘quvchilarini 7 ta tildagi darslik bilan ta'minlash holati, o‘quv xonalari, laboratoriyalarning o‘quv predmetlariga mos jihozlanishi, o‘qituvchilarning metodik ta'minoti bilan bog‘liq masalalarda amalga oshirilgan ishlar va yechimini kutayotgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top