21:28 / 25.09.2019
2
15012

Odil Ahmedov jarohat sabab Yaman va Singapurga qarshi o‘ynamasligi mumkin

O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Odil Ahmedov JCh-2022 saralashidan o‘rin olgan Yaman va Singapurga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib yuborishi mumkin. Bu haqda Tribuna.uz manbasi xabar bermoqda.

Xitoyning «Shanxay SIPG» jamoasida to‘p tepayotgan Ahmedov sonidan olgan yengil jarohati sabab milliy jamoaning navbatdagi ikki o‘yinini o‘tkazib yuborishi kutilmoqda. Vadim Abramov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi 10 oktabr kuni Toshkentda Yaman bilan, 15 oktabr kuni esa mehmonda Singapur bilan o‘ynaydi.

O‘zbekiston milliy jamoasini bu o‘yinlarda kim sardor sifatida boshlab tushishi aniq emas. Osiyo Kubogi oldidan Odil Ahmedov asosiy sardor, Ignatiy Nesterov ikkinchi va Anzur Ismoilov uchinchi sardor etib tayinlangandi. Yaman va Singapur bilan bahslarda bu futbolchilarning birortasi maydonga tushmasligi kutilmoqda.

JCh-2022 saralashini Ektor Kuper murabbiyligida boshlagan O‘zbekiston milliy jamoasi ayni damda saralashning «D» guruhida 0 ochko bilan oxirgi o‘rinda bormoqda. Guruhning qolgan jamoalari Singapurda 4, Falastinda 3, Yamanda 2 va Saudiyada 1 ochko bor.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top