11:10 / 26.09.2019
12
27117
«O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozirlar». Past Darg‘omda 25 yillik fermerning dalalari tartibga zid ravishda tortib olingan

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan «Taraqqiyot» fermer xo‘jaligi 1995 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. Fermerlik shu yil yanvar oyida yuz bergan optimallashtirishdan so‘ng 150 gektardan ziyod maydonda g‘alla va paxta yetishtirgan.

Biroq, fermerning Kun.uz tahririyatiga yozgan arizasiga ko‘ra, tuman hokimining 2019 yil 17 iyundagi №2433-sonli qarori bilan faoliyat ko‘rsatib turgan fermerning yerlari uning roziligisiz olib qo‘yilib, «Kamalak invest» klasteriga qo‘shib yuborilgan. Bu haqda fermer xo‘jaligi raisi Davron G‘ayimov hikoya qildi.

— Ikki gektar yerda paxtani begona o‘t bosganini bahona qilib, tuman hokimi yerni mendan tortib olib, «Kamalak invest» klasteriga o‘tkazib berdi. Men har gektaridan 90 sentnerdan yetishtirilgan g‘alla hosilimni ham yig‘ishga ulgurmadim. To‘g‘ri, qilgan xarajatlarimni qoplab berishdi. Biroq g‘alladan ko‘riladigan daromaddan ayrildim, ishchilarimga maosh va g‘alla bera olmay qoldim.

Bu ishda hayratlanarli tomoni shundaki, tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyevning qarori Hukumatning 2013 yil 31 yanvardagi №22-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Fermer xo‘jaligining yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga zid ravishda qabul qilingan. Hukumat qaroriga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatib turgan fermer xo‘jaligi faqatgina iqtisodiy sud qarori bilangina tugatilishi mumkin.

Yuqorida ta'kidlab o‘tilganidek, fermer o‘zi ekkan g‘alla hosilini yig‘ishtirib, foyda ololmagan. Fermerlikdagi paxtalar ayni paytda qiyg‘os ochilib turibdi. Ammo, o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozirlar dastidan dehqonlar dalaga kira olishmayapti. Boz ustiga, fermer xo‘jaligi ishchilariga ham mehnat haqini berolmasdan turibdi.

Fermer D.G‘ayimov bu borada Past Darg‘om tumani prokurori A.Valiyevga murojaat qilganida unga «hokim qarori to‘g‘ri chiqarilgan», degan javob berilgan.

Shundan so‘ng u yuqoriroq organga murojaat qilgan. Past Darg‘om tumani hokimining o‘sha qaroriga nisbatan Samarqand viloyat prokuraturasining — viloyat prokurori o‘rinbosari S.X.Usmonov imzosi bilan protesti keltirilgan.

Biroq, tuman hokimi hamda uning qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Husan Bo‘riyev ham bu hujjatni nazar pisand qilmayapti.

Xo‘sh, chorak asrdan beri yerga mehrini berib, halol mehnat qilib kelayotgan fermer chapak chalib qolaveradimi yoki Past Darg‘om tuman hokimligi rahbarlari qonunga xilof ravishda tugatilgan fermer xo‘jaligini yana qaytadan tiklab berishadimi? Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top