14:52 / 26.09.2019
0
4169

O‘zbekiston Stokholm konvensiyasi ishtirokchisiga aylandi

2019 yil 26 sentabr kuni Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokholm konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirdi. Hujjat 2001 yil 22 mayda Stokholm shahrida qabul qilingan.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, bugungi kunda 183 ta mamlakat ushbu Konvensiyaning ishtirokchisi hisoblanadi.

Ushbu xalqaro shartnomaning maqsadi aholi salomatligi va atrof-muhitni Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar (TOIM) ta'siridan himoya qilishdir.

Konvensiya qoidalariga muvofiq tomonlar TOIM ishlab chiqarish, import qilish, eksport qilish, ko‘mish va ulardan foydalanishni nazorat qilishni, shuningdek, mavjud TOIMni almashtirish uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan eng yaxshi texnologiyalar va usullardan foydalanishga ko‘maklashish majburiyatini zimmalariga oladilar.

O‘zbekiston Respublikasining Konvensiyadagi ishtiroki TOIM bilan bog‘liq ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi, atrof-muhit, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ehtimoliy salbiy oqibatlarini oldini olish imkonini beradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top